Qorovulbozor

Qorovulbozor — Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi shahar (1981 yildan; 1958 yildan shaharcha), tuman markazi. Temir yo’l stantsiyasi. Viloyat markazi (Buxoro shahri) dan 65 kilometr Janubi-Sharqda. Buxoro — Qarshi temir yo’l va avtomobil yo’li yonida joylashgan. Aholisi 9,3 ming kishi (2004). Shahar nomi Qorovulbozor Sardobasi nomidan olingan. Mahalliy rivoyatga ko’ra, qadimda Sardoba yonida karvonsaroy qurilib, kichkina bozorcha vujudga kelgan. Uning yonidagi tepalikda Buxoro amiri sarbozlarining qorovullik burji bo’lib, o’sha tepalik Qorovultepa, yonidagi bozorcha esa Qorovulbozor deb atalgan. Yana boshqa bir rivoyat bo’yicha Sardoba yonida qora o’tovlar tikilgan Qora ovul vujudga kelgan. O’tovlar oldida paydo bo’lgan bozor qoraovulbozor deb yuritilgan. Yana bir taxminga ko’ra, Buxoroga qo’shni mamlakatlardan kelayotgan savdo karvonlari Sardoba yonidagi karvonsaroyda to’xtab, ularning mollari amirlikning shu yerdagi bojxona vakillari tomonidan tekshirilgandan so’ng savdogarlarga poytaxtga kirishga ruxsat etilgan. Ruxsatnoma ololmagan savdogarlar o’z mollarini shu yerdagi bozorda sotib yurtlariga jo’nab ketishgan. Ruxsatnoma olgungacha savdogarlar o’z mollarini ma’lum muddat o’zlari qo’riqlagan. Qorovulbozorda 30 ga yaqin sanoat, qurilish, transport korxonalari mavjud. 1956 yilda neft va tabiiy gaz konlarining aniqlanishi, 1997 yilda Buxoro (Qorovulbozor) neftni qayta ishlash zavodining ishga tushirilishi, ohak va gips olinishi Qorovulbozorning rivojlanishiga omil bo’ldi. Qorovulbozorda qurilish tashkilotlari. aktsiyadorlik jamiyatlari. texnik jihozlarni yig’ish va butlash boshqarmasi. MTP, dehqon bozori. Novvoyxonalar, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. 5 umumiy ta’lim, bolalar musiqa, sport maktablari, biznes maktabi, kasb-hunar kolleji, madaniyat saroyi, madaniyat uyi, 3 kutubxona, madaniyat va istirohat bog’i, 2-jahon urushi qurbonlari xotira yodgorligi mavjud. “Obinur” folklor etnografik dastasi faoliyat ko’rsatadi. “Go’zal” sport sog’lomlashtirish majmui, “Delfin” suzish havzasi, Markaziy stadion, va boshqa sport inshootlari bor. Tuman markaziy kasalxonasi, Markaziy poliklinika, tug’ruqxona, tez tibbiy yordam bo’limi, dorixonalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Qorovulbozorda me’moriy yodgorliklardan qadimgi Sardoba inshooti (16-asr) saqlangan. Ad.: Shodiev S. Sahrodagi mo’jiza (Qorovulbozor tumani o’tmishi va buguni haqida lavhalar), T.. 2000.