Qonunchilik

Qonunchilik – 1) davlatning o’z oldida turgan vazifa va funktsiyalarini amalga oshirish usullaridan biri. Bu vakolatli davlat organlari (parlament) tomonidan davlat va jamiyat hayotining eng muhim masalalari bo’yicha qonunlar qabul qilish faoliyatida ifodalanadi; 2) muayyan davlatda amalda bo’lgan yoki ijtimoiy munosabatlarning barchasini yohud ma’lum bir sohasini tartibga soladigan normativ-huquqiy hujjatlar (masalan, fuqaro qonunchiligi, jinoyat qonunchiligi) yig’indisi. Qonunchilik ayni paytda huquq normalarini o’zida ifodalagan normativ aktlarning oddiy jamlanmasi bo’lmay, balki, ularni yuridik kuchi va ahamiyatiga qarab bir tizimga solinishidir. Qonunchilik tizimi bilan huquq tizimi o’zaro uzviy bog’liq. Huquq tizimi huquqning mazmunini, uning ichki tuzilishini ifodalasa, Qonunchilik tizimi huquqning tashqi shaklini, mavjud huquq normalariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritadigan, eskilarini bekor qiladigan aktlarni ham ichiga oladi. Qonunchilik tizimi gorizontal (tarmoq) va vertikal (pog’onaviy) tuzilishdan iborat. Qonunchilik tizimining gorizontal tuzilishi uning qanday ijtimoiy munosabatlarni tartibga solayotganiga bog’liq holda shakllanadi, bunda Qonunchilik tarmog’i bilan huquq tarmog’i bir-biriga to’la mos keladi. Masalan, konstitutsiyaviy huquq — Konstitusiyaviy Qonunchilik, mehnat huquqi — mehnat qonunchiligi, jinoyat propessual huquq — jinoyat prosessual Qonunchilik. Qonunchilik tizimining vertikal tuzilishi — normativ-huquqiy aktlarning yuridik kuchiga qarab pog’onaviy joylashuvini ifodalaydi. O’zbekiston Respublikasining qonunchiligi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O’zbekiston qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi — O’zbekiston Hukumati qarorlari, respublika vazirliklari, davlat qo’mitalari va boshqalar. Markaziy idoralarining hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ tusdagi hujjatlaridan iborat. Mustaqillik yillarida O’zbekiston qonunchiligi butunlay yangidan shakllandi. Qonunchilik tizimida banklar va banklar faoliyatiga doir, xususiylashtirish, bankrotlik, soliq, bojxona, xalqaro shartnomalarga doir yangi Qonunchilik tarmoqlari va yo’nalishlari vujudga keldi. Qonunchilikda ijtimoiy munosabatlarning muayyan bir sohasini tartibga soladigan normativ aktlarni o’z ichiga olgan Qonunchilik tarmoqlari bilan bir qatorda, majmuaviy tusdagi Qonunchilik yo’nalishlari shakllanmoqda (masalan, tabiatni muhofaza etish, transportga doir, xo’jalik qonunchiligi, aholining alohida qatlamlari, jumladan, ayollar, bolalarga oid majmuaviy Qonunchilik tarmoqlari). Qonunchilikni takomillashtirish maqsadida mamlakat hududida amalda bo’lgan barcha Qonunchilik aktlarining Konstitutsiyaga mosligini ta’minlash va shu maqsadda mavjud Qonunchilikni qayta ko’rib chiqish, eskirgan, samarasiz normativ aktlarni bekor qilish, yangi qonunlar ishlab chiqish, qonun qabul qilishni takomillashtirish, hajm jihatdan kattalashib ketgan majmuaviy Qonunchilik tarmoqlarini mustaqil tarmoqchalarga ajratish zarur (masalan, fuqarolik qonunchiligi tarmog’idan oila qonunchiligining ajralib, mustaqil Qonunchilik tarmog’iga aylanishi kabi). Mavluda Ahmadshoyeva.