Qoyali tog’lar
Qoyali tog’lar – shimoliy Amerikadagi tog’ sistemasi, shimoliy Amerika Kordilera tog’larining Sharqiy qismi, Kanada va AQShning g’arbida. Shimoliy-g’arbdan Janubi-sharqqa 3200 kilometrga cho’zilgan. Eni 700 kilometrgacha. Tinch okean bilan Atlantika okeani havzalari o’rtasida suvayirg’ich xisoblanadi. Qoyali tog’lardan Missuri, Kolorado, Rio-Grande, Sneyk, Arkanzas daryolari boshlanadi. Qoyali tog’lar 45° shu kabilarda shimoliy va Janubiy qismlarga bo’linadi. Uzoqqa cho’zilgan shimoliy tizmalari, asosan, granitlardan tuzilgan bo’lib, eng baland joyi 3954 metr (Robson tog’i). Janubiy tizmalari qisqa bo’lib, qumtosh, gilli slanes, ohak-toshlardan tuzilgan. Eng baland joyi 4399 metr (Elbert tog’i, Qoyali tog’larning eng baland nuqtasi). Iqlimi kontinental, yillik yog’in 1000 mm gacha. Tizmalar keng havzalar bilan bo’lingan. Molibden, mis, oltin, kumush, polimetall rudalari, neft, toshko’mir konlari bor. Geyzer va termal buloq ko’p. Shimolda tog’tayga o’rmonlari, tog’tayga siyrak o’rmonlari, tog’tundra va yalangliklar, Janubda dasht, o’rmon, subalp igna bargli o’rmonlar, Alp o’tloqlari mavjud. O’rmonlar chegarasi shimolda 1500 metr, Janubda 3600 metr balandlikda, undan yuqorisi Alp o’tloqlari va doimiy qorlar. Qor chizig’i Janubda 4000 metr, shimolda 2500 metr balandda. Vodiylar landshafti dasht va chala cho’ldan iborat. Jasper, Banf, Yoxo, Yellouston, Roki-Mauntin va boshqa milliy bog’lar tashkil etilgan.