Qoraqurtlar

Qoraqurtlar – o’rgimchaklar urug’i. 6 turi ma’lum. Shimoliy Afrika, G’arbiy Osiyo, Janubiy Yevropada, O’rta Osiyo, Moldaviyadan Yeniseygacha bo’lgan joylardagi dashtlarda, Ukrainaning Janubda tarqalgan. O’zbekistonda oddiy qoraqurt, oq qoraqurt va Dal qoraqurti uchraydi. Oddiy Qoraqurtlar urg’ochisining uzunligi 10-20 millimetr, erkaginiki 4-7 millimetr. Qoraqurtlar usti baxmalsimon, qora tusda. Erkagi va voyaga yetmagan urg’ochi Qoraqurtlar qorni orqasida oq hoshiyali qizil nuqtalar bor. Hasharot (asosiy ozig’i)ga boy dasht, cho’l va chala cho’llarda yashaydi. Urg’ochisi pana joylarga uya yasab, chiqaverishga o’lja tutish uchun to’r to’qiydi. Uyasiga ilib qo’yilgan har bir pillada (buning kattaligi kichik yong’oqdek, umr bo’yi 4-7 dona) 200-400 tagacha tuxum bo’ladi. Tuxumdan chiqqan yosh Qoraqurtlar pilla ichida qishlab, aprelda pilladan chiqadi. Yosh Qoraqurtlar 6 marta tullab, iyunda voyaga yetadi. Bahorda kun isishi bilan urg’ochi va erkagi vaqtinchalik to’r to’qiydi. Erkagi urg’ochisini urug’lantirgandan so’ng nobud bo’ladi. Urug’langan Qoraqurtlar uya yasash uchun joy qidirib ko’chib yuradi. Shu davrda Qoraqurtlar chaqishi (bezovta qilinganda) ko’p uchraydi. Qoraqurtlarning zahar bezlari bosh ko’kragida joylashgan, bezlar yo’li xeliseraga ochiladi. Zahari oqsil toksindan iborat; neyrotrop ta’sirga ega. Qoraqurtlar zahari tuya va otlarga ayniqsa kuchli ta’sir qilib, o’limga olib kelishi mumkin. Urg’ochi Qoraqurtlarning chaqishi odam organizmining umumiy zaharlanishiga, ba’zan o’limga sabab bo’lishi mumkin. Bu ko’ngilsiz hodisaning oldini olish uchun Qoraqurtlar zahariga qarshi zardobdan foydalaniladi. Zardob va zardoblar ilmiy tadqiqot institutida ishlab chiqariladi. Qoraqurtlar zahari farmasevtika sanoatida ham qo’llanadi. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Zoologiya institutida Qoraqurtlar maxsus laboratoriyada zahar olish maqsadida ko’paytirilmoqda.