Qozon

Qozon — Rossiya Federatsiyasidagi shahar, Tatariston Respublikasi poytaxti (1990 yildan). Volga bo’yining muhim sanoat va madaniy markazlaridan biri. Volga daryosi chap sohilida. Yirik Daryo porti. Temir yo’l stantsiyasi. Avtomobil yo’llari chorrahasi. Aeroport bor. Aholisi 1105,3 ming kishi (2002). 5 ma’muriy tumanga bo’lingan. Qozonga 1-ming yillik oxirida Qozon daryosining o’rta oqimida bulg’orlar asos solgan. 1399 yilda Moskva knyazi Yuriy Dmitriyevich qo’shinlari tomonidan Qozon vayron qilindi va 30 — 40 yildan so’ng qayta tiklandi. Keyinchalik shahar o’rnida Kreml qurildi. 15-asrdan O’rta Volga bo’yining yirik iqtisodiy va savdo markazi, 1438 yildan Qozon xonligining poytaxti. 1552 yilda rus podshosi Ivan Grozniy qo’shinlari tomonidan bosib olingan. 1708 yildan Qozon gubernyasi markazi. 19-asrda Qozonda sanoat korxonalari paydo bo’la boshladi. 1804 yilda universitet ochildi. Qozon 1920-90 yillarda Tatariston ASSR poytaxti. Mashinasozlik (aviasozlik, motorsozlik, “Teplokontrol”, vakuum texnikasi ishlab chiqarish birlashmalari; kompressor, elektron-hisoblash texnika mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqalar) va metallsozlik, kimyo va neft kimyosi (“Kazan-orgsintez”, “tasma”, kimyo-farmatsevtika korxonalari; sintetik kauchuk, uy-ro’zg’or kimyosi mahsulotlari va boshqalar), yengil (mo’yna, ko’n-teri mahsulotlari va boshqalar), oziq-ovqat sanoatlari rivojlangan. 11 oliy o’quv yurti (shu jumladan, universitet, konservatoriya), 6 teatr (opera va balet teatri va boshqalar), 8 muzey (Tatariston Respublikasi, tasviriy san’at, M.Gorkiy nomidagi muzeylar va boshqalar) bor. Shaharda me’moriy yodgorliklardan Kreml va yodgorliklar majmuasi (16-18-asrlar), shu jumladan, Suyumbeka minorasi (17— 18-asr boshlari), Petropavlovsk sobori (18-asr, hozirgi sobor binosi — planetariy), Marjoniy masjidi (18-asr), gubernator saroyi (19-asr), qozon universiteti majmuasi (19-asr, klassisizm uslubida qurilgan) saqlangan. Qozonda shaharning bunyod etilganiga 1000 yil to’lganligi munosabati bilan bir yo’la 5 ming kishi namoz o’qiydigan to’rt minorali qul Sharif jome masjidi o’z o’rnida qayta tiklandi. Yevropada eng katta bo’lgan bu masjid 1552 yil Ivan Grozniy Q.ni bosib olgan vaqtda butunlay buzib tashlangan edi. Qozon Kremli YUNESKO tomonidan Jahon merosi ro’yxatiga kiritilgan (2000). 2005 yil Qozonning 1000 yilligi nishonlandi. Metropoliten ishga tushirildi.