Qovunchi madaniyati
Qovunchi madaniyati – miloddan avvalgi 2-asr — milodiy 6-asrga oid arxeologik madaniyat. O’rganilgan joy dastlab Qovunchitepa xarobasi bo’lgani uchun nomi shundan. Qovunchi madaniyati Toshkent vohasi, Sirdaryoning o’rta oqimi va Farg’onaning shimoliy-g’arbiy qismida tarqalgan. arxeolog G.V.Grigorev 1934-37 yillarda Qovunchi madaniyati majmualarida qazish ishlari olib borgan. Shoshtepani o’rganish natijasida 1-marta madaniy qatlamlarning aniq stratigrafiyasi belgilandi. Bu esa Qovunchi madaniyatining aniq davrini (Qovunchi I miloddan avvalgi 2-1-asrlar: Qovunchi II 2 bosqichga bo’linib, uning 1-bosqichi milodiy 1-4-asrlar, 2-bosqichi 5-6-asrlar) belgilashga asos bo’lgan. Qovunchi madaniyati Toshkent vohasidagi qadimgi dehqonchilik bilan shug’ullangan tub aholi madaniyati asosida “xalqlarning buyuk ko’chishi” davrida Toshkent vohasiga kirib kelgan sarmatlar. hunlar va boshqa xalqlarning etnik madaniyati ta’sirida rivojlangan. Toshkent vohasi Qovunchi madaniyati shakllanishining asosiy markazi bo’lgan. Majmualarda me’morlik maktabining mahalliy an’analariga asoslangan, yuksak mudofaa inshootlariga ega bo’lgan shaharsozlik, sopol idishlar va haykalchalar shaklining o’ziga xos xususiyatlari tarkib topgan. Qovunchi madaniyati vohada shahar madaniyati paydo bo’lishi hamda irrigasiya tizimining takomillashishi asosida dehqonchilikning yanada rivojlanish davrida tarqalgan. Qovunchi majmualari asosida Toshkent shahri madaniyati paydo bo’lgan va rivojlana boshlagan. O’sha davrdagi Ark va uning atrofida 1 yoki 2 qishloqdan iborat aholi punktlari bo’lib, ularning ayrimlari mudofaa devorlari bilan o’ralgan. Shaharlar hunarmandchilikning va savdo-sotiqning asosiy tayanch punkti hisoblangan. Metallga ishlov berish (temirchilik, jez asboblar quyish) ancha rivojlangan. Kulolchilikda sopol idishlar yasash asosiy o’rin egallagan, ularning turi, shakli ko’paygan. Sopol idishlarning tagi tekis bo’lgan. Qovunchi I da ko’vacha, tovoq, qizg’ish yoki bo’g’iq qo’ng’ir rang berilgan sopol idishlar, Qovunchi II da quloqli xurmachalar, bandlari hayvon shaklidagi turli idishlar va xurmachalar uchraydi. Qovunchi madaniyatiga xos idish qopqoqlari, ko’ralar, diniy marosim buyumlari, 2 boshli Qo’chqor yoki shoxli ho’kiz boshlari shaklida yasalgan o’choq poytagliklari topilgan, ulardan tutatqi solinadigan va qurbonlik qilinadigan idish sifatida ham foydalanilgan. Qovunchiliklar dehqonchilik va yaylov chorvachiligi bilan shug’ullanishgan. Ular dehqonchilik ma’budalari, olov va ajdodlarga sig’inishgan. Milodning dastlabki asrlarida Qovunchi madaniyati janubga tomon tarqalib, Sug’d, Qashqadaryo hududidagi mahalliy madaniy majmualarga ta’sir eta boshlagan. 6-asrga kelib, O’rta Osiyoning markazidagi vohalar bilan iqtisodiy va savdo aloqalarining kuchayishi hamda umumsug’d madaniyati ta’sirida Toshkent vohasida Qovunchi madaniyati o’ziga xos alomatlarini yo’qotgan, sekin-asta butun Movarounnahrga xos yagona madaniyat vujudga kela boshlagan. Abdulahad Muhammadjonov.