Qizilcho’l qoramol zoti
Qizilcho’l qoramol zoti — suti uchun boqiladigan zot. 18-asr oxirlarida Ukrainaning Zaporoje viloyatida kulrang cho’l qoramollarini qizil ostfrisland, anglen, shortgorn, nemis qizil qoramol zoti va vilstermash zotlari bilan uzoq yillar chatishtirib chiqarilgan. 1941 yilgacha nemis qizil mollari nomi bilan yuritilgan. Qizilcho’l qoramol zotining tana tuzilishi mustahkam, bo’yi o’rtacha balandlikda, tusi qizil (ko’pchiligining boshi va tanasida oq qashqasi bor). Sigirlarining vazni 450500 kilogramm, buqalariniki 800900 kilogramm, buzoqlari 30-35 kilogramm tug’iladi, 6 oylik bo’lganda 160-190 kilogramm. Sigirlari o’rtacha 3000-4000 kilogramm, sersutlari 10-12 ming kilogrammgacha sut beradi, yog’liligi 3,7—3,9%. Go’sht mahsuldorligi qoniqarli. Novvoslarining o’rtacha kundalik vazn o’sishi 800-900 gramm, so’yim chiqimi 55-57%. Jahondagi ko’pgina mintaqalar va mamlakatlarda tarqalgan va ularning hududiy xillari, buqa tizimlari va sigirlar oilalari yaratilgan, selektsiya ishlarida samarali foydalanilmoqda. O’zbekistonga 1882 yilda olib kelingan va Toshkent viloyatidagi “Qoplonbek” xo’jaligida urchitilgan, respublikaning iklim sharoitiga moslashgan podalar guruhlari shakllantirilgan. Naslchilik zavodlari va naslchilik xo’jaliklarida zot xususiyatlari takomillashtirilmoqda. Buxoro, Xorazm, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Qoraqalpog’iston hamda Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining cho’l hududlarida, Turkmanistonda boqiladi; O’zbekistonda rayonlashtirilgan zotlar orasida salmog’i bo’yicha 2-o’rinni egallaydi. Ad.: Nosirov U., Qoramolchilik, T., 2001. Ubaydulla Nosirov.