Qizil dengiz
Qizil dengiz — Hind okeanining materiklar oralig’idagi dengizi. Afrika va Arabiston yarim oroli oralig’ida. Misr, Sudan, Eritreya, Isroil, Iordaniya, Saudiya Arabistoni va Yaman davlatlari qirg’oqlariga tutash. Bob ul-Mandab bo’g’ozi orqali Hind okeani, Suvaysh kanali orqali O’rta dengiz bilan tutashgan. Maydoni 460 ming km2. Eng chuqur joyi 3039 metr. Dengizning qirg’oq chizig’i tekis, shakli tektonik uzilma chegarasiga mos. Shimolda Suvaysh va Aqaba qo’ltiqlari, ular orasida Sinay yarim oroli bor. Eng yirik oroli — Dahlak. Dengiz tubi relefi xilmaxil, katta qismi soylik (chuqurligi 1000 metr), uning o’rta qismida tor va chuqur novlar bor. Chuqurligi 200 metrgacha bo’lgan joylarda marjon va materik oroli ko’p. Dengiz tubining katta qismi kristalli zamindan iborat bo’lib, ustini 1-4 kilometr qalinlikdagi ohaktosh va evaporitlar qoplagan. Iqlimi mussonli, biroq dengiz Arabiston yarim oroli va shimoliy Afrikadagi cho’llar oralig’ida joylashganligi uchun ancha quruq. Tez-tez changli tuman va saroblar bo’lib turadi. Qizil dengiz suvi iliq (32° gacha) va sho’r (38-42%o) dengizlardan. Sababi Qizil dengizda bug’lanish nihoyatda kuchli bo’lib, chetdan daryo quyilmaydi. Suv sathining ko’tarilishi har yarim sutkada takrorlanadi (balandligi 0,6 metrgacha). Chuqurlikdagi sho’r suv bob ul-Mandab bo’g’ozi orqali Hind okeaniga o’tib turadi. Qizil dengizda o’simlik turi kam, biroq hayvonot dunyosi xilma-xil. Dengizdan baliq ovlanadi, marvarid olinadi. Muhim portlari: Suvaysh (Misr), Port-Sudan (Sudan), Jidda (Saudiya Arabistoni), Hudayda (Yaman) va boshqalar dengizda suvo’tlar to’planib, unga qizg’ish rang berishi sababli shunday nomlangan, degan taxmin bor.