Nashvati

Nashvati — xalq selektsiyasi. yo’li bilan yetishtirilgan nok (olmurut) navlari guruhi. Qishki Nashvati, kuzgi oq Nashvati, chillaki Nashvati, yozgi Nashvati kabi navlar shu guruhga oid. O’zbekistonda Nashvatining murut, olmurut deb ataladigan yovvoyi turi — Korjinskiy noki (P. korshinskyi Litv.) tog’ etaklari va yon bag’irlarida, soylarda o’sadi. Mevasi dumaloq yoki noksimon-cho’ziq. O’zbekistonda qadimdan ekib kelinadi. Madaniy Nashvati navlari ko’chatlari yovvoyi nok urug’laridan etishtirilgan payvandtaglarga payvand qilib yetishtiriladi. 4-6-yili hosilga kiradi. Daraxti balandligi 8-12 metr. Boshqa nok navlariga qaraganda erta gullaydi. Mevasi navyga qarab iyun oxiridan oktabr boshlarigacha bo’lgan davrda pishadi, og’irligi 120-250 gramm (ba’zan 500— 700 gramm), ko’pchiligi sarg’ish-ko’kish, ayrimlari rangdor, usti Moysimon g’uborli, silliq. Eti och sariq yoki ko’kish-oq, kuvrak, suvli, nordonshirin, urug’i yirik; kechpisharlari mart—aprelgacha saqlanadi. Akad. R. R. Shreder nomidagi bog’dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutida Nashvatining qishki Nashvati 2, kuzgi qizil Nashvati navlari chiqarilgan va rayonlashtirilgan.