Numizmatika

Numizmatika (lotincha numisma — tanga) — tangalar haqidagi fan; tangalarning tasvirlari, yozuvlari, og’irligi, qanday metalldan yasalganligi, pul muomalasidagi darajasi va tanga zarb qilinish tarixini o’rganadi. Numizmatika xronologiya, moddiy madaniyat, ichki va tashqi savdo tarixi masalalarini tekshirishga imkon beradi, tarix, arxeologiya, Paleografiya, san’at tarixi, iqtisod, etnografiya fanlari uchun katta ahamiyatga ega. Numizmatika tushunchasiga yana qog’oz pullarni o’rganish (bonistika) va medal, jeton, orden hamda nishonlarni o’rganish (faleristika) ham kiradi. Metall pullar paydo bo’lgunga qadar pul vazifasini har xil tovarlar: hayvonlar, taqinchoklar, metall qurollar va quymalar bajargan. Jamiyatning iqtisodiy rivojlanishi, savdoning o’sishi pulga bo’lgan ehtiyojni keltirib chiqargan. Faqat davlat boshliqlarigina tanga chiqarish huquqiga ega bo’lgan. Birincha metall tangalar miloddan avvalgi 7-asrda kichik Osiyoning Lidiya davlatida zarb qilingan. O’rta Osiyoda birinchi tangalar (kumushdan) miloddan avvalgi 3-asrda chiqarilgan. Uning yuza qismi (aversi)ga podshoning surati, orqa tomoni (reversi)ga esa har xil xudolar, muqaddas hayvonlar tasviri solingan yoki podsholarning nomi yozilib, tamg’asi tushirilgan. Numizmatika numizmatik kollektsiyadan farq qiladi. Tangalarni kollektsiya qilish 14-15-asrlarda Italiyada paydo bo’lgan. Ilmiy Numizmatika fani 18-asrning 2-yarmida venalik Y. X. Ekkel tomonidan asoslangan. Numizmatika shartli ravishda antik davr, Vizantiya, Sharq (Osiyo va Afrika mamlakatlarida, shuningdek, O’rta Osiyo, Kavkaz, Qrim, Volga bo’yida o’rta asrlarda chiqarilgan tangalarni o’z ichiga oladi), G’arb (G’arbiy Yevropa hamda AQSh, Kanada va Lotin Amerikasida chiqarilgan tangalar) va rus Numizmatikasiga bo’linadi. Sharq Numizmatikasiga X. D. Fren asos solgan. O’rta Osiyo davlatlari tangalarini o’rganishda rus olimlari P. S. Savelev, V. T. Tizengauzen, E. A. Davidovich, O. N. Smirnova, o’zbekistonlik olimlardan M. E. Massoy, Sh. R. Pidaev, E. V. Rtveladze, T. S. Ernazarova, E. V. Zeymal, B. D. Kochnev, A. A. Musakaeva, I. T. To’xtiyev va boshqalarning hissasi katta. Ad.: Smirnova O. I., Katalog monet s goroditsha Pendjikent, M., 1963; Davidovich E. A., Istoriya monetnogo dela Sredney Azii XVII—XVIII vv., Dushanbe, 1964; Ernazarova T. S, denejnoe obratshenie Samarqanda po arxeologo-numizmaticheskim dannim (do nach. IX v.). v SB. “Afresiab” . VIP. 3., T., 1974; Rtveladze E. V., Pidaev Sh . R., Katalog drevnix monet Yujnogo Uzbekistana, T., 1981; numizmatika Uzbekistana, T., ,1990.