Nosir Xisrav
Nosir Xisrav (to’liq ismi: Abu-Mu’iniddin Nosir Xisrav al-Qubodiyoniy) (1004, Qubodiyon — 1088, Badaxshon) — fors-tojik shoiri, mutafakkiri. Boshlang’ich ma’lumotni o’z qishlog’ida olgan, keyin Marv va Balx madrasalarida tahsilni davom ettirgan. Mahmud G’aznaviy va uning o’g’li mas’ud saroyida mirzalik qilgan, soliq maqkamasini boshqargan. U 7 yil (1045— 52) davomida Eron, Ozarbayjon, Armaniston, Suriya, Misr, Arabiston, Iroq mamlakatlarini kezib chiqadi. Uning “Safarnoma” asari shu sayohat natijasida yaratilgan. Adolatli hukmdorlar tufayli osoyishta va farovon shaharlarni ko’rgan Nosir Xisrav keyinchalik o’z asarlari orqali Odil podshoh goyasini ilgari suradi. Misrda 3 yil yashab, fotimiylar tariqatiga kiradi va ismoiliylar maslagini qabul qiladi. Fotimiylar butun dunyoni egallashni maqsad qilib, uni 12 Jazira (Orol)ga bo’lgan edilar. Nosir Xisrav Xuroson bo’yicha Jazira boshlig’i — hujjat etib tayinlanadi (ba’zi she’rlarida Hujjat taxallusini xam qo’llagan). Keyinchalik, 1052 yilda Balxga qaytgan Nosir Xisrav bu yerda ismoiliylik g’oyalarini qizg’in targ’ib-tashviq qila boshlaydi. Bu harakati uchun Nosir Xisrav shialik va kofirlikda ayblanib, o’limga hukm qilinadi. Shundan so’ng u qolgan 25 yillik umrini Badaxshonda — Hazrati Sayyid qishlog’idagi Yumg’on darasida o’tkazadi. Uning da’vatlari natijasida bu erda ismoiliylar jamoasi vujudga keladi. Maqbarasi asrlar davomida ziyoratgohlardan biri bo’lib, mahalliy aholi tomonidan “Mozori Shoh Nosir” deb atalgan. Nosir Xisrav “Safarnoma”, “zod ul- musofirin”, “vajhi din”, “Saodatnoma”, “Ro’shnoinoma”, “Xon ul- Ixvon”, “Bo’ston ul-uqul”, “dalil ut- mutaxayyirin”, “Jome’ul-hikmatayn”, “risola dar javobi 99 savoli falsafi”, “Kushoyish va rahoyish” kabi ko’plab she’riy va nasriy asarlar yaratgan. U fors-tojik va Arab tillarida ikki devon ham tuzgan, lekin Arab tilidagi devonining taqtsiri hozirgacha noma’lum. Shoirning qasida, g’azal, qit’a va ruboiylarini o’z ichiga olgan, 12 ming misradan iborat forsiy devoni esa Eronda bir necha marta chop etilgan. Dunyoviy ilmlarni chuqur o’zlashtirgan Nosir Xisrav hur fikrli kishi bo’lgan. Olam va Odam mohiyati to’g’risida aql vositasida falsafiy fikr yuritgan. Dunyoning nomukammalligi, inson tabiatining noqisligi xususida “Xudo bilan munozara” degan she’r ham yozgan. Ijodi orqali adolatsiz zamon, johil va manfaatparast kishilarni tanqid qilib, mehnatkash dehqonni, kosibu hunarmandni, ilm sohiblarini ulug’lagan, insoniy Kamolotga da’vat qilgan. Uning hur fikrlari o’zidan keyingi ijodkorlar, jumladan, Umar Xayyomga kuchli ta’sir ko’rsatgan. Nosir Xisrav asarlari dunyoning ko’plab tillariga tarjima qilingan. Bir nechta she’rlari, “Saodatnoma” masnaviysidan parchalar va “Safarnoma” asari M. Muinzoda, Sh. Shomuhamedov, G’. Karimlar tomonidan o’zbek tiliga o’girilgan. As: Safarnoma, T., 2003. Ad.: Bertels A.E. [Nasir-i Xosrav i ismailizm, M., 1959; Samarqandiy D., Shoirlar bo’stoni], T., 1981. Ergash Ochilov.