“Nestle”

“Nestle” (Nestle — nemis tilining Shveytsariya shevasida “Jajji uya”) — Shveytsariyadagi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniya. Jahondagi eng yirik kompaniyalardan biri. Shveytsariyalik farmasevt Genri Nestli 1866 yilda ona suti yetishmasligi oqibatida go’daklar o’limining oldini olish maqsadida sut, bug’doy uni va shakarning turli nisbatlarda aralashtirib ona suti o’rnini bosadigan “Nestle sut uni”ni yaratdi va uni ishlab chiqarishni yo’lga qo’ydi. “Nestle”, asosan, turli sut mahsulotlari, sut aralashmalari, mineral suvlar, alkogolsiz ichimliklar, bolalar oziq-ovqatlari, kofe, konservalangan va parhez mahsulot ishlab chiqaradi va sotadi. Kompaniya ishlab chikaradigan oziq- ovqat mahsulotlarining turi 8 mingdan ortiq. Kompaniyaning 70 ga yaqin davlatlarda 500 dan ortiq korxonalari bor. Kompaniya ko’pgina mamlakatlardagi parfyumeriya, kosmetika va farmasevtika sanoati korxonalari aktsiyalarining ham egasidir. Daromadi hajmi jihatidan yevropada 8-, dunyoda 31-o’rinni egallaydi. 2001 yilda umumiy savdo hajmi 84,7 milliard Shveytsariya frankini tashkil etdi. Jami ishchi-xizmatchilari soni — 230 ming kishi. “Nestle” O’zbekistonda 1996 yildan faoliyat ko’rsatadi. Toshkentda o’z vakolatxonasini ochgan. 1998 yil Namangan “Nafosat” aktsiyadorlik jamiyati (sobiq Namangan sut zavodi)ning 34,9% aktsiyasini 287 ming AQSh dollariga sotib oldi. 1999 yilda esa ushbu korxona negizida “O’zbekiston-Nestle” korxonasi tuzildi. Kompaniya 2002 yil Fevralda qiymati 30 million AQSh dollari bo’lgan Namangan bolalar oziq-ovqati zavodini ishga tushirdi. Zavod uzoq saqlanadigan sut va yogurt, turli xildagi sut qorishmalari ishlab chiqaradi. 2002 yilda yiliga 22 million litr ma’danli ichimlik suvini ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi.