AXEY ITTIFOQI

AXEY ITTIFOQI (miloddan avvalgi 280- 146) — Peloponnesda miloddan avvalgi 280 yilda tashkil topgan yunon shahar-davlatlari uyushmasi. U Makedoniyadagi shahar kambag’allariga va qullarga qarshi kurashishni maqsad qilib olgan. Axey viloyatida tashkil topib, keyinroq uning hamma yeriga tarqalgan. Miloddan avvalgi 251 yilga kelib ittifoqqa Sikion ham qo’shildi. Strateg Arat davrida Axey Ittifoqiga Korinf, Argos, Megara va boshqa shaharlar ham a’zo bo’lgan. Ittifoqqa kirgan jamoalar ichki muxtoriyatdan foydalangan. Oliy hokimiyat ittifoqchi fuqarolarning Majlisiga topshirilgan. Bu Majlis axeylarning qadimgi diniy markazi Egion shahrida yiliga 2 marta chaqirilib turilgan. Majlis muhim masalalarni hal qilish bilan birga yuqori mansabdorlarni saylagan. Biroq Axey Ittifoqiga Sparta, elida va Messeniyaning kirishi Rimni xavotirga solgan, Rim Axey Ittifoqi ishiga faol aralasha boshlagan, bu esa Axey Ittifoqining qarshiligiga duch kelgan. Miloddan avvalgi 146 yilda Rim Yunonistonni bosib olganidan keyin Axey Ittifoqi tarqatib yuborilgan.