Ishtaha

Ishtaha — organizmning ovqatga bo’lgan yoqimli ehtiyoj sezgisi, shuningdek, unga kiradigan oziq moddalar miqdorini belgilaydigan fiziologik mexanizm. Ishtaha paydo bo’lishi bosh miyaning ovqat markazi faoliyati bilan uzviy bog’liq. Ishtahaning ochilishida shartsiz (masalan, ovqatning hidini va mazasini sezish) va shartli reflekslar muhim rol o’ynaydi. Ishtaha Markaziy nerv sistemasi ma’lum bo’limlarining qo’zg’alishi natijasida yuzaga keladi va bunda so’lak, hazm shirasi ajraladi, me’da-ichak yo’li peristaltikasi (harakati) kuchayadi, natijada hazm a’zolari ovqat qabul qilishga tayyor turadi. Mazali qilib pishirilgan taom, uning chiroyli ko’rinishi va xushbo’yligi, dasturxonga bezab tortilishi Ishtahani ochadi. Aksincha, taomning ko’rinishi yoki hidi xunukroq bo’lsa, Ishtaha bo’g’iladi. Ovqatni har doim muayyan soatlarda iste’mol qilish, uning sifati va miqdori Ishtaha normal bo’lishi uchun ahamiyatli. Ovqatlanish rejimining buzilishi Ishtaha aynishiga olib keladi va u turli kasalliklarga sabab bo’lishi mumkin. Ishtahaning 3 xil o’zgarishi: susayishi, hatto yo’qolishi (anoreksiya), kuchayishi (bulimiya) va buzilishi (paroreksiya) kuzatiladi. Har qanday holatda ham vrachga murojaat etish va uning tavsiyalariga amal qilish kerak.