Portu-Alegri
Portu-Alegri — Braziyaning janub qismidagi shahar. Riu-Grandi- du-Sul shtatining ma’muriy markazi. Aholisi 1,3 million kishi (2000). Atlantika okeanining Patus ko’l-qo’ltig’i sohilidagi port. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Mamlakat Janubdagi yirik iqtisodiy markaz. Oziq-ovqat, to’qimachilik, neftni qayta ishlash, kimyo, mashinasozlik va metallsozlik sanoati korxonalari mavjud. Issiklik elektr stansiyasi qurilgan. Portu-Alegri orqali chetga go’sht va boshqa chorvachilik mahsulotlari, tamaki, guruch chiqariladi. Universitetlar, muzey, teatr, hukumat saroyi bor. Shaharga 1742 yilda Portu-dus-Kasais nomi bilan asos solingan.