Ich terlama
Ich terlama, qorin tifi — o’tkir yuqumli kasalliklardan biri; bunda bemor isitmalaydi, ichi buziladi va badaniga toshma toshadi. Ich terlama mikrobi (harakatchan tayoqcha)ni nemis olimi K. Ebert kashf etgan, shuning uchun Ebert tayoqchasi deb qam ataladi. Ich terlama butun yer yuzida uchraydi va ma’lum sharoitda epidemiya tusini oladi. Aholining sanitariya-maishiy sharoiti kasallikning tarqalishida hal qiluvchi rol o’ynaydi. Sanitariya madaniyati past mamlakatlarda Ich terlama keng tarkaladi. Hayvonlar Ich terlama bilan og’rimaydi. Odam Ich terlamaga juda moyil. Bemor kasallik davrida, ba’zan sog’aygandan keyin ham mikroblarini najas (ba’zan siydik) bilan chiqaradi. Bakteriya tashuvchilik deyiladigan bu holat kasallikning tarqalishida ma’lum rol o’ynaydi. Ich terlama bilan og’rigan kishilar tuzalgandan keyin, ularning o’rta hisobda 3-5% i 3 oygacha, ba’zan bir necha yillab bakteriya tashuvchi bo’lib qolishi mumkin. Bemor yoki bakteriya tashuvchi chiqargan Ich terlama mikroblari tashqi muhitda (suv, tuproq, oziq-ovqat va boshqalar) temperatura, namlikka, oftob bor-yo’qligiga qarab bir qancha vaqt tirik turadi. Ariq, hovuz, daryo suvining ifloslanishi, shuningdek, sabzavot, ho’l meva, sut va boshqa ovqatlarga pashsha qo’nishi Ich terlama yuqishiga sabab bo’lishi mumkin (pashsha bemor yoki bakteriya tashuvchining najasiga qo’nib, uning zarralarini xartumi va oyoqlariga ilashtirib ketadi). Ich terlama mikroblari oziq-ovqatga iflos qo’ldan, sabzavotga najas bilan o’g’itlangan dala tuprog’idan o’tishi mumkin. Qulay sharoitda kasallik mikroblari sutda va suyuq ovqatda ham ko’payadi. Ich terlama mikroblari odam organizmiga og’izdan (suv, sabzavot, ho’l meva va ovqat bilan) kirib, ingichka ichakka o’tadi va uning devorlaridagi limfa tugunlarida ko’payib, ularni yallig’lantiradi. Limfa tugunlaridagi to’qimaning irishi (nekroz) sababli ichak devorida yara paydo bo’ladi. Ich terlama mikroblari a’zo va to’qimalarga tarqaladi, ulardan ba’zilarida yana ko’payib, yangi yallig’lanish o’choqlarini vujudga keltiradi. Mikroblar jigar, o’t yo’llari, o’t pufagi, ko’mik va buyraklarga o’rnashib olsa, surunkali bakteriya ta-shuvchilikka olib kelishi mumkin. Ich terlama mikroblarining toksinlari limfa tugunlari (ayniqsa, ichak limfa tugunlari)ga, shuningdek, moddalar almashinuviga va yurak-tomir sistemasiga zararli ta’sir ko’rsatadi. Ich terlama yuqqandan 10-21 kun (inkubatsion davr) o’tgach, kishining darmoni quriydi, a’zoyi badani og’riydi, junjiydi, boshi og’riydi, uyqusi va ishtahasi yo’qoladi. Temperaturasi sekin-asta ko’tarilib, birinchi haftaning oxirida 39-40° ga yetadi va keyin shu darajada turadi. Kasallikning dastlabki davrida bemorning tili karash boylab, og’zidan yoqimsiz hid keladi, ba’zan jigar va talog’i kattalashib, bezillab turadi, ichi kelmaydi, qorni dam bo’ladi, bemor loqayd bo’lib yotadi (apatiya), terisi qo’lga issiq va quruq tuyuladi; keyin alaxlaydi yoki ruhan va jismonan tamomila bo’shashib (holati’razm bo’lib) yotadi. Kasallikning 9-12-kuni badanida (ko’pincha qornida) teridan salgina ko’tarilib turadigan och pushti, yumaloq dog’lar (rozeolalar) ko’rinadi, ular barmoq bilan bosilganda yo’qoladi. Til quruq, ikki cheti va uchi qip-qizil bo’ladi, kasallik belgilari ro’yirost ko’rinadigan davr (odatda 2-3 hafta) bemorning hayoti uchun ko’proq xavf tug’diradi. Bu davrdan keyin kasallikning asosiy belgilari sekin-asta so’na boshlaydi. Bemor to’la quvvatga kirguncha kamida 4-5 hafta o’tadi. 100 bemordan 3-5 tasida kasallik qaytalanishi mumkin (residiv). Bemorni davolash va parvarish qilish. Ich terlama bo’lgan bemor kasalxonaning alohida bo’limiga yotqiziladi. Temperaturasi tushguniga qadar o’tirish va yurishga ruxsat berilmaydi. Og’zi paxta yoki doka o’ralgan cho’p b-ilan artib turiladi. Ich terlamada bemorni to’g’ri ovqatlantirish davolash bilan birday ahamiyatli. Ovqat ichakka zo’r kelmaydigan, yetarli kaloriyali, vitaminli, turli-tuman bo’lishi kerak (sut, qatiq, qaymoq, sariyog’, kisel, shirguruch, kam yog’shovla, kompot, qiymalangan go’sht, qaynatma sho’rva suvi, pishirib ezilgan sabzavot va hokazolar berish mumkin). Ich yurishishiga qarab turish va zarur bo’lsa, huqna qilish kerak. Bemorning idish-tovog’i ishlatilgandan keyin har gal qaynatiladi; qolgan ovqati chelakka yig’ilib, xloramin yoki 5% li lizol eritmalari bilan dezinfektsiya qilinadi, bemorga tutiladigan tuvak issiq suvda yuviladi va 5% li xlorli ohak eritmasi yoki 3% li lizol eritmasiga ho’llangan latta bilan artiladi. Kir kiyimlar 3% li xlorli ohak eritmasi bilan ho’llangan maxsus xaltaga yig’ilib, dezinfektsiya qilinadi, so’ng yuviladi. Uyni yig’ishtirish va tozalashtsan chiqqan axlat yoqiladi. Bemor vrach nazorati ostida davolanadi. Oldini olish. Aholining sanitariya-maishiy sharoitini yaxshilash, toza ichimlik suv bilan ta’minlash, suv manbalarini qo’riqlash, umumiy ovqatlanish korxonalarida sanitariya nazoratini amalga oshirish, pashshani qirish va hokazolar muhim ahamiyatga ega. Turmushda sanitariya-gigiena qoidalariga amal qilish, qaynatilmagan suv va xom sut ichmaslik, yuvilmagan xul meva va sabzavot emaslik, ovqatdan oldin albatta qo’lni yuvish, meva, oziq-ovqatni pashsha tegmaydigan joyda saqlash, hojatxonani Ozoda tutish va hokazolar ham muhim. Bakteriya tashuvchilarni aniqlash va sog’lomlashtirishga alohida ahamiyat beriladi. Ular suv, sut do’konlari, oziq-ovqat korxonalari, oshxonalar, bolalar uylari, kasalxonalarda ishga qo’yilmaydi yoki ishdan chetlatiladi. Ichimlik suv bilan ta’minlanmagan joylarda aholini emlash maxsus choralardan hisoblanadi. Ich terlama bilan og’rigan bemorlar haqida vrach sanepidstantsiyaga albatta xabar beradi, ular hisobga olinadi, kasallik o’chog’ida dezinfektsiya o’tkaziladi, bemorning atrofidagi kishilar tekshirilib, bakteriya tashuvchilar aniqlanadi. Vaktsina bilan emlanadi, umumiy sanitariya choralari, sanitariya maorifi kuchaytiriladi va hokazolar. Ad.: Musaboev I. Q., Infektsion kasalliklar, T., 1980; Majidov V. M., Infektsion kasalliklar, T., 1996. Shonosir Shovahobov.