ZARDO’ZLIK
ZARDO’ZLIK — bezak san’ati turi; amaliy san’atning zar (tilla va kumush suvi yuritilgan) ip, nozik sim, ipak bilan kashta tikib bezak yaratadigan sohasi. To’rtburchak chambarakka (korcho’pga) o’rnatilgan Baxmal, shoyi, movut, charm va boshqa matolarga zardo’zi usulida kashta (gul, naqsh, tasvir) tikiladi. Kashtada ba’zan metall, tosh, shisha munchoklar ham ishlatiladi, turli matolar (Baxmal, shoyi va boshqalar) dan quroq qilinadi. Oldindan tayyorlangan (rassomlar tomonidan yaratilgan mujassamot nusxasi kuchirilgan) axta qog’ozlardan keng foydalaniladi. Matoga mustahkamlangan (tikilgan yoki yopishtirilgan) axta qog’oz zar ip bilan bir tomon – Lama qoplab tikiladi (mustahkamlovchi chok uchun zar ipga mos rangdagi ipdan foydalaniladi), natijada naqshgul yuzasi zar iplar bilan qoplanadi, matoning teskarisida naqshgul shakligina hosil bo’ladi. Zardo’zlar bezak yaratishda bir necha usulni qo’llaydilar: zardo’zi zamindo’zi va zardo’zi guldo’zi, shuningdek, birishimdo’zi (ipak ishlatilganda), pulakdo’zi (tugmasimon metall yaproqchalar qo’llanganda) va boshqalar. Mustahkamlovchi va tahrir choklarning bir necha xilini mohirona qo’llanilishi hamda ularning naqsh mujassamoti bilan uyg’unlashuvi zardo’zi buyumlarga joziba va nafosat baxsh etadi; ularning badiiy qimmati naqsh mujassamoti, xom ashyosi, tikilishi hamda zardo’z ustaning did va mahoratiga bog’liq. Naqsh mujassamotida keng tarqalgan an’ana Zardo’zlik badiiy hunarmandlik turi sifatida yaqin va O’rta Sharqda keng tarqalgan. Asosan, binolar ichini bezaydigan buyumlar, ayollarning bayram liboslari Zardo’zlik bilan tayyorlangan. Arxeologik topilmalar, tarixiy qo’lyozmalar O’rta Osiyo xalqlari orasida zardo’zi kiyim va badiiy buyumlar tikish qadimdan rivojlanganligini ko’rsatadi. Ispan elchisi Klavixo uz esdaliklarida Zardo’zlik usulida tikilgan ko’rpato’shaklar, ipak matoga zar taqilgan qimmatbaho darpardalar va chodirlar haqida, erkak va ayollarning zar ipda tikilgan kiyimlari haqida zavq bilan yozadi. Abdurazzoq Samarqandiy o’zining “Hindiston safarnomasi” risolasida Shohrux (1442) Hindistonning Kalkutta viloyati hukmdori huzuriga yuborgan elchilari orqali unga zardo’zi do’ppi sovg’a qilgani qayd etilgan. Vosifiy o’zining risolalarida Zardo’zlik kasbi to’g’risida so’z yuritgan. Darqaqiqat, 15—18 asrlarda Buxoro, Samarqand, Hirotda Zardo’zlik yuksak pog’onaga ko’tarilgan. Uning 19 asrdagi taraqqiyoti Buxoro bilan bog’liq. Buxoroda saqlanib kelayotgan Zardo’zlik kasbi uzoq davr mobaynida sayqal topib, takomillasha borgan. Zardo’zlik bilan, asosan, erkaklar shug’ullangan (hozir ayollar orasida ham keng tarqalgan), ular ustaxonalarga uyushib ishlashgan. 19 asr o’rtalari 20 asr boshlarida yaratilgan zardo’zi buyumlar (to’n, kamzul, chakmon, chalvor, poyabzal, belbog’, salla, kuloh va Jul kabi) ning deyarli barchasi Amir va uning oilasi, saroy a’yonlari uchun tayyorlangan, qisman badavlat xonadonlar buyurtmalari ham bajarilgan. 19 asr 30— 60 yillarida Zardo’zlikda aks ettirilgan mujassamotlar qanchalik oddiy bo’lsa, kashta — gullar ham shunchalik ravon va jozibador bo’lgan. 19 asr 70—80 yillarida zar ip yoki zar aralashtirib eshilgan ipak ip (pushti, to’q qizil, moviy, yashil) dan foydalanilgan. Zardo’zlikning zardo’zi biri shimdo’zi nomli o’ziga xos turi shu davrga xosdir. 1893 yildan zar iplarning yangi navlari ko’p miqdorda ishlab chiqarilib, ular rangli ipak iplarni siqib chiqardi va umumiy tikish uslubini ham tubdan o’zgartirib yubordi. 1890— 1900 yillardagi Zardo’zlik zargarona o’ta nozikligi bilan ajralib turadi. Turli ko’rinishdagi bo’rtma girixlar, yulduzchalar va shunga o’xshagan boshqa bezaklar buyumga o’zgacha zeb berib turgan, ayniqsa, davqur mujassamoti alohida o’rin tutgan. 20 asr 20 yillarida barcha amaliy buyumlarning turlari o’zgardi, avvalgi hashamdor buyumlar o’rnini nafis ishlangan, davr talabiga mos buyumlar egalladi, naqsh mujassamoti soddalashtirildi, an’anaviy naqshlar davr ruhini ifoda etuvchi shakllar bilan boyitildi. Zardo’zlar ayollarning bayram liboslari (ko’ylak, nimcha, do’ppi, kamar, kavush, sumkacha), an’anaviy buyumlar, erkaklar uchun sovg’a to’nlar, do’ppilar tayyorlay boshladilar. 40-50 yillar boshida mahobatli zardo’zi namoyonlar yaratish sezilarli darajada rivojlandi. Dastlabki yirik ish Navoiy teatri uchun tikilgan zardo’zi parda bo’ldi (1947, A. Shchusev chizgisi, hajmi 7×27 metr). Rassomlarning amaliy san’at ustalari bilan hamkorligi hamda ijodiy izlanishlar natijasida yangi mujassamotli mayda buyumlar, badiiy jihatdan qimmatli namoyonlar yaratildi va yaratilmoqda: “Kitoba” (1952, N. Ami – Nov chizgisi), “Paxta” (1955, M. Prutskaya chizgisi), “Bayram” (1959, V. Stolyarov va M. Ahmedova chizgisi), “Girih” (1962, V. Stolyarov chizgisi), Alisher Navoiyning 525 yilligiga (1968) va boshqalarga bagishlangan namoyonlar Zardo’zlikning katta yutug’i bo’ldi. 90 yillarga kelib Zardo’zlik qayta tiklandi. Buxoro, Andijon, Namangan, Fargona, Toshkent, Samarqand, Urgut, Qarshi, Jizzax shaharlari, Surxondaryo viloyati zamonaviy Zardo’zlik san’atining markazlari hisoblanib, zardo’z ustalar (N. Aminov, B. Jumayev, S. Akbarova, T. Sodiqova, G. Bozorova, G. Pirimqulova, M. Habibova, G. Nurtoyeva, M. Muhiddinova, D. Tosheva va boshqalar) chopon, do’ppi, nimcha kabi liboslar katorida mavzuli namoyonlar, teatr pardalari hamda sovg’a buyumlar, ignadonlar, ko’zoynak g’ilofi, upaelik sumkachalarini Zardo’zlik usullarida bezatishni rivojlantirdilar. B. Jumayev rafiqasi M. Jumayeva bilan birgalikda Buxoro zardo’zlik san’ati maktabini tiklash va rivojlantirish maqsadida markaz tashkil qildi (1995). B. Jumayevning “Bahouddin Naqshbandiy” (1997), “Buxoroyi Sharif” (1997), “Qo’shtovus” (1998), “Gultuvak” (1998), “Alisher Navoiy” (1998) mavzularidagi devoriy namoyonlarining yuqori darajadagi texnik ijrosi hamda muallifning o’ziga xos uslubi va badiiy an’analarning uyg’unlashganligi bilan ajralib turadi. Ustalar va rassomlar yaratayotgan yirik mavzuli zardo’zi buyumlar respublika va chet mamlakatlar ko’rgazmalarida namoyish etilmoqda, muzeylarida saqlanmoqda. Ad: Sidorenko A. I., Artikov A. R., Radjabov R. R., Zolotoye shityo Buxari, T., 1984. Sayyora Mahkamova.