ZAHARLAR
ZAHARLAR — organizmga ta’sir etganda uning hayot faoliyatini buzib, hayotni xavf ostida qoldiradigan moddalar. Tirik organizmga ta’sir ko’rsatadigan barcha moddalar, jumladan dorilar ham yuqori kontsentratsiya va dozada ma’lum darajada uni zaharlaydi. Zaharlarning organizmga ta’sir etish kuchi ularning kimyoviy tuzilishi va fizik-kimyoviy xossalariga bog’liq bo’lishidan tashqari, shu tirik organizm to’qimalari va hujayralarining xususiyatlariga ham bogliq. Zaharlar organism hujayralari bilan to’qimalarining tarkibiga kirgan va to’qimalardagi almashinuvda qatnashadigan moddalar bilan kimyoviy reaktsiyaga kirishib, ta’sir etadi. Hujayra protoplazmasining oqsil strukturasini emiradigan moddalar (masalan, kuchli kislota va ishqorlar, yuqori kontsentratsiyali tuzlar) hech istisnosiz barcha tirik hujayralarni harob qiladi. Moddalar almashinuvini bir maromda ta’minlovchi ferment sistemalarni bog’laydigan yoki yemiradigan Zaharlar xavfliroqdir. Zaharlar o’simlik, hayvon, mineral va kimyoviy sintez mahsulotlariga bo’linadi. Ba’zan jonivorlar (ilonlar va bo’g’imoyoqlilar—ari, asalari, qoraqurt, chayon va hokazolar) Zaharlarning aksarisi oqsil strukturalidir. O’simlik Zaharlariga, asosan, alkaloidlar kiradi, ulardan akonitin (Parpi), muskarin (muxomor), nikotin (tamaki barglari), anabazin (itsigek), atropin (belladonna), fizostigmin (Kalabar dukkagi) ko’proq zaharli. Ba’zi o’simlik glikozidlari, ayniqsa yurakka ta’sir etadigan glikozidlar, masalan, digitoksin (digitalis glikozidi), strofantin va boshqalar ham yuqori kontsentratsiyada zaharlidir. Patogen mikroorganizmlar chiqaradigan va kasallikka sabab bo’ladigan toksinlar ham Zaharlar hisoblanadi. Zaharlar odam va hayvon organizmiga turli yo’llar bilan, asosan, hazm va nafas a’zolari, qisman teri orqali kiradi. Turmushda zaharlanishga sabab bo’ladigan Zaharlarning aksarisi organizmga ovqat bilan kiradi. Bunday Zaharlarga mikroblarning faoliyati natijasida hosil bo’ladigan botulotoksinkolbasa zahari, zaharli zamburug’lar, zaharli o’simliklar (bangidevona, belladonna) mevalari va tugunaklarida uchraydigan moddalar kiradi, Zaharli o’simliklar goho yaylovdagi mollarning zaharlanishiga sabab bo’ladi. Yonilg’i gazlarning chala yonish jarayonida hosil bo’ladigan is gazi xavfli zaharli gaz hisoblanadi. Kasbga alokador Zaharlar, ya’ni sanoatda va qishloq xo’jaligida ishlatiladigan zararli kimyoviy moddalar ham bor. Sanoatdagi zaharli moddalarga qo’rg’oshin, simob, mis, margumush birikmalari, anilin, benzol, vodorod sulfid va boshqa ko’pgina uchuvchan organik moddalar; qishloq xo’jaligida ishlatiladigan zaharli moddalarga gerbitsidlar, defoliantlar, pestisidlar va boshqalar kiradi. Organizmning hayot faoliyatida ishlanib chiqadigan, ammo kasallik natijasida organizmdan chiqib ketmaydigan moddalar (masalan, uremiyada azotli tashlandilar) ham Zaharlardir. Zaharlar organizmdan buyraklar, ichak, o’pka orqali, ba’zilari esa qisman ter, sut bilan chiqib ketadi. Aziza Erkaxo’jayeva.