ZAHARLI JONIVORLAR

ZAHARLI JONIVORLAR – boshqa organizmlar uchun doimo yoki vaqtinchalik zaharli bo’lgan moddalarni o’z organizmida saqlovchi jonivorlar. 5 mingga yaqin turi ma’lum. Zaharli jonivorlardan ilonlar, chayonlar, o’rgimchaklar, malhamchi qo’ng’izlar va boshqalar yaxshi o’rganilgan. Bir xil Zaharli jonivorlar (ilonlar, o’rgimchaklar, chayonlar) ning zahar ishlab chiqaradigan maxsus bezlari bor; boshqalarida (qo’ng’izlar, qandalalarda) zaharli modda u yoki bu xildagi to’qimalarda bo’ladi. Zahar himoya yoki boshqa hayvonlarga hujum qilish vositasi hisoblanadi. Bo’shliqichlilar (gidralar, aktiniyalar, meduzalar) da zahar bezlari otuvchi hujayralar, bo’g’imoyoqlilar (arilar, chayonlar) da nashtar yoki o’rgimchaklar, ko’poyoqlilarda xeliseralar, boshqalarda (chayonbaliqlar, dengiz ajdahochalari) suzgichlar yoki jabra qopqoqlaridagi maxsus o’simtalar bilan bog’langan. Aynan bir xildagi zahar har xil hayvonlarga turlicha ta’sir ko’rsatadi. Bir turning o’zida ham har xil Zaharli jonivorlar zahari bir xilda ta’sir etmaydi. Masalan, cho’chqalar, shaqildoq ilon, tipratikonlar, qora ilon, cho’l kemiruvchilari chayonlar zahariga kam ta’sirchan bo’ladi. Laylak, qarg’a, burgut, mirzaqush kabi qushlar zaharli ilonlarni, tovuqlar qoraqurtni yeydi. Zahar uzoq vaqt davomida oz-ozdan kiritilganida odam va hayvonlar organizmi unga chidamli bo’lib qoladi. Ilonlar, arilar va boshqa ba’zi Zaharli jonivorlar zaharidan kam miqdorda davolash maqsadida foydalaniladi. Norqo’zi Ergashev.