ZIYOVUDDIN

ZIYOVUDDIN — Samarqand viloyatidagi shaharcha (1972 yildan). Paxtachi tumani markazi (1973 yildan). Tumanning o’rta qismida, Toshkent tog’ining shimoliy Sharqiy etagida, qariyb 400 metr balandlikda. Temir yo’l stantsiyasi — Ziyovuddin. Ziyovuddindan Samarqandgacha bo’lgan masofa 135 kilometr. Aholisi 11,6 ming kishi (2000). Buxoro amirligi davrida hozirgi Ziyovuddindan 15 kilometr sharkda Ziyovuddin qal’asi (Ziyovuddin bekligi qarorgohi), 5 kilometr shimoli sharqda buvi Ziyovuddiniy qishlog’i bo’lgan (nomi shundan). 1894 yil Ziyovuddin qal’asidan 15 kilometr g’arbda (Ziyovuddin o’rnida) temir yo’l stantsiyasi qurilgan va o’sha yili 15 maydan poezd qatnay boshlagan. Ziyovuddinda paxta tozalash, sut, toshshag’al, g’isht, asfalt zavodlari, non kombinati, temir yo’l transporti korxonalari bor. Ziyovuddindan Samarqand, Nurobod, Oqtosh, Navoiy shaharlariga avtobus qatnaydi. Bank bo’limlari, dehqon bozori, 5 kutubxona (67,8 ming kitobga ega), Markaziy stadion, “Paxtachi go’zali” univermagi, dorixona, “Paxtachi” restorani, maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari, suv minorasi (1894 yil qurilgan), o’lkashunoslik muzeyi mavjud. Ziyovuddin umumiy ta’lim maktabida 2700 ga yaqin o’quvchi ta’lim oladi (2002). Bolalar musiqa maktabi, bolalar san’at maktabi bor. “Oq oltin” ansambli faoliyat ko’rsatadi. Ziyovuddinda Xotira xiyoboni barpo etilgan.