ZMAY
ZMAY (Zmai; asl ism sharifi Yovanovich, Jobanobuch) Yovan (1833.24.11, Novisad, 1904.3.6, Kamenisa, Voevodina) — serb shoiri. Ijodida milliy vatanparvarlik mavzui asosiy o’rinni egallaydi (“Vila”, 1858; “Uch Gayduk”, 1866; “Baxtsiz ona”, 1871 va boshqalar). Zmay hajviy she’rlar ustasi (“Yog’och qasidasi”, 1878; “Serbiyadagi yangi saylovlar”, 1884 va boshqalar). Serb she’riyatida birinchilardan bo’lib serb dehqonlari va shahar qashshoqlarining nochor hayotini tasvirlagan (“Uchinchi ulush”, 1880; “Sudxo’r”, 1881 va boshqalar). Zmayning “Atirgullar” (1864), “So’lg’in atirgullar” (1882) to’plamlariga kirgan she’rlari serb romantik she’riyatining eng yaxshi namunalari sanaladi. Zmayning ayrim she’rlari Xurshid Davron tomonidan o’zbek tiliga tarjima qilingan (1989).