ZODIAK

ZODIAK, zodiakal aylana (Yunoncha zodiakos, zoon — hayvon) — Quyoshning yillik ko’rinma harakatida bosib o’tadigan yo’li — ekliptikadagi 12 burj: Hamal (qo’zi), Savr (buzoq), Javzo (Egizaklar), Saraton (Qisqichbaqa), Asad (Arslon), Sunbula (Bug’doyboshi), Mezon (Tarozi), Aqrab (Chayon), Qavs (O’qchi), Jadiy (tog’taka), Dalv (suvchi) va Hut (Baliq) joylashgan aylana. “Zodiak” atamasi juda qadim zamonlardayoq zodiakal yulduzlarning ko’pchiligi hayvonlar nomlari bilan atalishiga bog’liq. Zodiakal yulduz turkumlari orqali Quyosh sistemasining hamda oyning ko’rinma harakat yo’li ham o’tadi. Qadimgi Yunonistonda zodiakal yulduz turkumlari alohida guruxlarga ajratilib, har biri o’z belgisiga ega edi. Yulduz turkumlarining belgilari bilan bahorgi (Hamal) va kuzgi (mezon) teng kunliklar, yozgi (saraton) va qishki (Jadiy) Quyosh turishi nuqtalari ham belgilangan. Presessiya natijasida bu nuqtalar o’tgan 2 ming yil davomida yuqoridagi yulduz turkumlaridan siljib ketgan bo’lsa ham yunonlar bergan nomlar saqlanib qolgan. Zodiakal yulduz turkumlarining hammasi O’zbekistonda to’liq ko’rinadi.