ZOKIR ESHON TO’DASI
ZOKIR ESHON TO’DASI – 19 asr 2 yarmida Qo’qonda ijod qilgan o’zbek professional aktyorlar to’dasi (“Kasabai sozanda”). Korfarmoni — Zokir eshon. Rizo qiyiq, Sa’di Maxsum, Normat qiziq, Boybuva qiziq, Mo’min qishloqi, Bahrom qiziq, Usmon qiziq, Ro’zi gov, Davlat qiziq, Kal sariq qiziq, Avliyoxon qiziq kabi 30 dan ortiq qiziqchi aktyor, Hofiz, sozanda va raqqoslardan iborat bo’lgan. Aktyorlik san’atidagi asosiy badiiy ifoda quroli improvizatsiya, ma’noli imo-ishora, harakat va o’tkir so’zlik hamda taqlidchilikka katta e’tibor berilgan. Qo’qon xonligining hamma shaharlarida tomoshalar ko’rsatgan. Repertuari “Xon hajvi”, “Zarkokil”, “Sirkataroq azizlar”, “Farzand duosi”, “Kigiz o’g’risi”, “Attorlik” kabi satirik sahnalar, hajviya, askiya, musiqa, ashula va raqslardan iborat bo’lgan. Ad.: Rahmonov M., O’zbek teatri tarixi, T., 1968. Mamajon Rahmonov.