ZOMIN TUMANI
ZOMIN TUMANI – Jizzax viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan (1962 yil 24 dekabrda Jizzax tumani bilan birlashtirilgan, 1964 yil 31 dekabrda qayta tuzilgan). Shimolda viloyatning Zarbdor tumani, g’arbda Baxmal va Jizzax tumanlari, Sharqda, shimol-Sharqda Yangiobod tumani, Janub-Sharqda Tojikston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 2,87 ming kilometr kvadrat. Aholisi 120 ming kishi (2001). Zomin tumanida 2 shaharcha (Dashtobod, Zomin) va 11 qishloq fuqarolari yig’ini (Beshkubi, Gulshan, Duoba, Navoiy, Obihayot, Tinchlik, Toshkesgan, Chorvador, Shirin, Yangi-hayot, G’allakor) bor. Markazi — Zomin shaharchasi. Tabiati. Zomin tumanining shimol, Markaziy va Sharqiy qismi pasttekislik, Janub-g’arbi qir, adir va tog’lardan iborat. Yer yuzasi shimoldan Janubga tomon ko’tarilib boradi. Iqlimi keskin Kontinental, yozi issiq, quruq, qishi bir oz sovuq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 1,5°, iyulniki 32°. Yillik yog’in 350-360 millimetr. Vegetatsiya davri 240 kun. Adir qismi qumtosh, qum, mergel, lyosslardan tuzilgan, usti chaqirtoshlar bilan qoplangan. Jarlar va yozda qurib qoladigan soylar bor. Bahorda soylar to’lib oqadi. Shimol va Markaziy adirlarning tuprog’i lyoss ustida hosil bo’lgan bo’z, och bo’z, tipik bo’z tuproqlardan, Janub qismidagi adirlar gipsli och bo’z tuproqlardan tarkib topgan. Tekisliklarda bo’z, qo’ng’ir tuproq. Tuman hududidagi Zominsoy daryosi, Achchisoy, Peshag’arsoy, Uvolsoy, Turkman, Jaloir, Xo’jamushkentsoydan sug’orishda foydalaniladi. Ekin ekilmaydigan yerlarda sho’ra, shuvoq, yantoq, kovrak, oqquray va boshqalar o’sadi. Janub tog’li qismi (Turkiston tog’i) da qalin archazorlar, tabiiy o’rmonlar bor. Zomin tumanida Zomin tog’-o’rmon davlat qo’riqxonasi, Zomin xalq bog’i joylashgan. Yovvoyi hayvonlardan ayiq, bo’ri, silovsin, chiyabo’ri, tulki, kiyik, arxar, qushlardan burgut, Lochin, qirg’ovul, kaklik, o’rdak yashaydi. Suv havzalarida baliq turi ko’p. Aholisi, asosan, o’zbeklar. Shuningdek, qirg’iz, rus, tatar, tojik va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 kilometr kvadratga 42 kishi to’g’ri keladi. Shaharliklar 23 ming kishi. Xo’jaligi. Qishloq xo’jaligida g’allachilik va chorvachilik asosiy o’rinni egallaydi. Tumanda shirkat, fermer, jamoa xo’jaliklari, 2 o’rmon xo’jaligi mavjud. 197 ming gektar yerda dehqonchilik qilinadi. G’alla, poliz, sabzavot, yem-xashak ekinlari, kartoshka yetishtiriladi. Pichanzorlar, yaylovlar, tokzorlar va ko’chatzorlar bor. Qoramol, qo’y-echki (shu jumladan Qorako’l qo’ylari), ot, parranda boqiladi. 40 dan ziyod xususiy, 14 kichik korxona, 40 dan ortiq tijorat do’konlari faoliyat ko’rsatadi. 70 dan ortiq umumiy ta’lim maktabi bo’lib 30 mingga yaqin o’quvchi ta’lim olmoqda. Litsey, gimnaziya bor. 11 klub, 34 kutubxona, 385 o’rinli 3 shifoxona, 8 qishloq davolash ambulatoriyasi, 6 qishloq vrachlik punkti, 5 dorixona, 94 maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchasi, o’lkashunoslik muzeyi ishlab turibdi. Tuman hududidan qadimgi Buyuk ipak yo’li o’tgan. Ustrushona, Zomin, Peshag’ar kabi tarixiy joylar, ko’hna qal’a qoldiqlari, qadimgi qabristonlar saqlangan. 1932 yildan “Sharqtongi” gazetasi chiqadi (adadi 2000). Tuman hududidan Toshkent — Samarqand temir yo’l o’tgan. Zomin — Toshkent, Zomin—Jizzax, Zomin — Guliston kabi yo’nalishlarda avtobus va taksi qatnovi yo’lga qo’yilgan.