ZOMINSUV
ZOMINSUV — Zomin tumanidagi soy. Yuqori oqimida Yettikechuv, Duoba qishlog’i yaqinida Sanganaksoy, Zomin shaharchasi yaqinida Zominsuv deb ataladi. Turkiston tizma tog’ining qariyb 2500 metr balandlikdagi shimoliy-g’arbiy yon bag’irlaridan boshlanuvchi O’riklisoy, Galdiravo’t, Yettikechuv va boshqa soylarning qo’shilishidan hosil bo’ladi. Zominsuv Sirdaryo Xovos — Jizzax temir yo’lga yetmasdan Qo’shtamg’ali qishlog’idan 3,5 kilometr Janubi- sharqda tugaydi. Uzunligi 58 kilometr, havzasining maydoni 704 kilometr kvadrat. Zominsuv ko’proq qor, yomg’ir va buloq suvlaridan to’yinadi. O’rtacha yillik suv sarfi 1,83 m3/sek. (Duoba qishlog’i yaqinida), eng katta suv sarfi 16,8 m3/sek (1969. 28. 05). To’linsuv davri (aprel — avgust) da yillik sarfining 60-65% oqib o’tadi, qishda ba’zan qurib qoladi. Eng sersuv oy — iyunda o’rtacha suv sarfi 4,56 m3/sek ga teng. Zominsuvdan Zomin shaharchasi, Duoba, Yettikechuv, Qushchi va boshqa qishloqlar suv ichadi, ekin maydonlari sug’oriladi.