ZOMMERFELD

ZOMMERFELD (Sommerfeld) Arnold (1868.5.12, Kenigsberg — 1951.26.4, Myunxen) — nemis fizigi va matematigi. Kenigsberg universitetini tamomlagan (1891). Ilmiy ishlari atom nazariyasi, metallar nazariyasi va matematik fizikaga oid. Difraktsiyaning aniq matematik nazariyasini ishlab chiqdi (1895), Zommerfeld integrali tushunchasini fanga kiritdi (1896), ikki muhit chegarasiga joylashtirilgan vertikal dipolning nurlanish masalasini hal etdi (1909). N. Boriing atom modeliga aniqlik kiritdi va relyativistik mexanika nazariyasini atom nazariyasiga tatbiq qilib, vodorod spektrining nozik strukturasi nazariyasini yaratdi (1916). Zommerfeld metallarning kvant nazariyasiga asos solgan (1928). U elektronlarning tormoz nurlanishi nazariyasini ishlab chiqdi (1931). Fanning boshqa sohalariga doir ishlar muallifi.