ZOND OROLLARI
ZOND OROLLARI (Yava orolida yashovchi zunda qabilasi nomidan) — Malay arxipelagining asosiy qismi. Ikki qismga bo’linadi: 1) katta Zond orollari — Sumatra, Yava, Kalimantan va Sulavesi; 2) kichik Zond orollari — Yava orolidan sharqqa Timor oroligacha bo’lgan orollar (Bali, Lombok, Sumbava, Flores va boshqalar). Maydoni 1,5 million kilometr kvadrat. Relefi togli, vulkan harakatlari kuchli, tez-tez zilzila bo’lib turadi. Botqoqlashgan pasttekislik ko’p. Qalay, volfram, neft, boksit va boshqa foydali qazilmalar bor. Iqlimi nam ekvatorial iqlim, yog’in yiliga tekisliklarda 2000 millimetr, tog’larda 5000 millimetrgacha yog’adi. Ekvatorial o’rmonlar bilan qoplangan, janubi musson o’rmonlari va savannalaridan iborat. Endemik o’simlik ko’p. Hududining katta qismi Indoneziya, qisman Bruney va Sharqiy Timor tarkibida.