ZOOTEXNIYA

ZOOTEXNIYA (Zoo… va Yunoncha techne — san’at, mahorat) — qishloq xo’jalik hayvonlarini urchitish, oziqlantirish, saqlash va ulardan maqsadga muvofiq foydalanish haqidagi fan. Hayvonlarni parvarishlash va ulardan foydalanish bo’yicha tavsiyalar juda qadimda paydo bo’lgan. Odam hayvonlarni qo’lga o’rgatib, xonakilashtirgan va ulardan xo’jalik ehtiyojlari uchun foydalana boshlagan davrdan boshlab Zootexniya haqidagi sodda tasavvurlar shakllana boshladi. Bundan 2700 yil muqaddam yaratilgan “Avesto”ning gotlar va Vendidat qismlarida yozilishicha, “Insonning asosiy vazifasi chorva mollarini ko’paytirish va saqlashdan iboratdir”. “Zootexniya” atamasini fanga 1848 yil frantsuz olimi J. Bodeman kiritgan. Zootexniya 18-asrning 2-yarmidan fan sifatida shakllangan. Hozirgi zamon Zootexniya fani bir qator biologiya, kimyo, fizika, matematika va boshqa fanlar yutuqlari va tadqiqot usullariga tayangan holda hayvonlarni urchitish, oziqlantirish, boqish usullarini takomillashtirish asosida chorvachilik mahsulotlari yetishtirishning eng tejamli texnologiyalarini ishlab chiqadi. Zootexniya Agronomiya, veterinariya, qishloq xo’jalik ishlab chiqarishni tashkil qilish bilan uzviy bog’liq. Zootexniya 2 qismga: umumiy va xususiy Zootexniyaga bo’linadi: umumiy Zootexniya chorva mollarining qamma turi va zotlarini urchitish, oziklantirish, saqlash, naslchilik ishi, mahsuldor podalar hamda zotlar yaratish, ulardan samarali foydalanish asoslarini ishlab chiqadi. Uning asosiy bo’limlari: qishloq xo’jalik hayvonlarini urchitish, oziqlantirish va saqlash. Xususiy Zootexniya chorvachilikning ayrim tarmoqlari (qoramolchilik, qo’ychilik, cho’chqachilik, yilqichilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik, pillachilik va boshqalar) ni yuritish texnologiyasi bilan shug’ullanadi. Zootexniya rivojiga 19-asrda frantsuz olimlaridan K. Burjel, J.L. Byuffon, 20-asrning 1-yarmida nemis olimi K. Kornaxer, shveytsariyalik olim U. Dyurst, ingliz olimi J. Xammond, amerikalik olim S. Rayt, J. Lash, rus olimlaridan N. N. Chirvinskiy, P. N. Kuleshov, E. A. Bogdanov, M. F. Ivanov, M. I. Pridorogin va boshqalar katta hissa qo’shdilar. O’zbekistonda Zootexniya muammolari 1910 yildan boshlab o’rganila boshladi. 1932 yilda chorvachilik tajriba stansiyasi, 1939 yilda O’zbekiston chorvachilik ilmiy tadqiqot instituti tashkil etildi. Bu davrda V. I. Gromova, K. K. Sakovskiy, V. V. Zyuzkin, Z. I. Saviskaya, Z. S. Sokolova, T. F. Tavildarova, E. M. Ershova, P. M. Pushkarev, V. A. Shchekin, P. F. Kiyatkin va boshqalarning ilmiy izlanishlarida umumiy va xususiy Zootexniya masalalari o’rganildi. 1950-yillarda respublikaning birinchi chorvador olimlari yetishib chiqdi (A. Raximov, I. Mavlonov, Y. Kurbonov va boshqalar). 1960-90 yillarda Sh. Akmalxonov, U. Nosirov, professorlar E. Karchevskiy, I. Xidirov, Z. To’raqulov, T. Ikromov, M. Ashirovlar (qoramolchilikning sut va go’sht yo’nalishlarida Zootexniya muammolari), M. Zokirov, R. Valiyev, S. Yusupov (qo’ychilik), S. Azimov (parrandachilik), P. Sobirov (urchitish), K. Karibayev (oziqlantirish), U. Nasirillayev (ipakchilik) va boshqalarning nazariy va amaliy masalalarga bag’ishlangan ilmiy tadqiqotlarida Zootexniya muammolari o’z aksini topdi. Zootexniya bo’yicha ilmiy maktablar shakllanadi. O’zbekistonda Zootexniya bo’yicha ilmiy tadqiqot ishlari O’zbekiston chorvachilik, qorako’lchalik, ipakchilik ilmiy tadqiqot institutlarida olib boriladi. Toshkent davlat agrar universiteti va Samarqand qishloq xo’jalik institutida Zootexniya sohasi bo’yicha malakali mutaxassislar tayyorlanadi. Zootexniya yutuqlari va ilg’or tajribalar “O’zbekiston qishloq xo’jaligi” jurnalida yoritiladi. Ad.: Akmalxanov Sh., Biologicheskie i zootexnicheskiye osnovi vedeniya molochnogo skota v O’zbekistone, T., 1993; Nosirov U. Qoramolchilik, T., 2001; Karchevskiy E., Teoriya i praktika razvedeniya cherno-pestrogo skota v O’zbekistone, T., 1994; To’rakulov va b., Yilqichilik, T., 1990; Zokirov M. va b., Qorako’lchilik, T., 1983; Hamroqulov R., Karibaev K., Qishloq xo’jaligi hayvonlarini oziklantirish, T., 1999. Ubaydulla Nosirov.