ZUBTURUMDOSHLAR
ZUBTURUMDOSHLAR (Plantaginaseae) — ikki urug’pallali yoki Magnoliyasimonlar sinfiga mansub ko’p yillik va bir yillik o’simliklar oilasi. 260 turni o’z ichiga olgan 3 turkumdan iborat. Oiladagi eng katta turkum zubturum (Plantago) mo”tadil iqlimli mintaqalarda o’sadi. Bir necha turdan tashkil topgan litorella (Litorella) turkumi faqat Yevropa, Azor orollari va Janubiy Amerikada uchraydi. Bitta turdan iborat bougueria (Bougueria) turkumi esa Janubiy Amerika uchun endemik hisoblanadi. O’zbekistonda Zubturumdoshlarning 6 turi o’sadi. Ularning gullari mayda, rangsiz, guldor poya uchidagi boshoqsimon to’pgulga joylashgan. Gul bo’laklari to’rtta (kosabargi to’rtta, tojbargi to’rtta, changchisi to’rtta, urug’chisi ikkita), tojbarglari rangsiz yupqa pardachadan iborat. mevasi qopqoqchali ko’sakcha, chorva mollari uchun oziklik qiymati kam, ba’zi turlari dorivor hisoblanadi.