Toshhovli, Olloqulixon saroyi
Toshhovli, Olloqulixon saroyi — Xivadagi me’moriy yodgorlik. Olloqulixon qurdirgan (1830-38). Xalq ustalari Nurmuhammad, usta toji va usta Qalandar Xivakiy tomonidan bunyod etilgan. T. 3 hovli, 111 ta xonadan iborat: arz hovli (darvozasi g’arbga), ishrat hovli (Jan. ga), Haram (darvozasi g’arbga qaragan). Xorazm mahalliy turar joy me’morligiga xos uslubda, shahar tashqarisidagi qo’rg’onhovli ko’rinishida bo’lganligi uchun T. deb nomlangan. Atrofi baland devor (qalinligi 1,2— 1,5 m) bilan o’ralgan. Devor tepasi kungurali, darvoza yonlari Guldastali. Dastlab Haram bunyod etilgan (1830-32). Tarhi 80×42 m, hovlisi 49×15 m, Jan. qismida 5 ta alohidaalohida ayvon (xon va uning 4 xotiniga mo’ljallangan) bor, ulardan xonalarga dahlizlar orqali kiriladi. Qabulxona (ishrat hovli tarhi 43×36,5 m) haramning Jan.Sharqiy qismida qurilgan (1832-34). 3 y.dan so’ng Jan. g’arbiy burchagida arz hovli (tarhi 35 x 40 m) qad rostlagan (1837-38). Har bir hovlida alohida xizmatchilar xonasi, xo’jalik xonalari, otxona bo’lgan. Hovlilarda ayvonlar o’ziga xos uslubda joylashgan. Haramning Jan.da 2 qavatli bino oldiga baland qilib 1 ustunli ayvon ishlangan, arz hovli va ishrat hovlidagi binoning faqat 2qavatida 1 ustunli, panjara to’siqli ayvon bor. Hovli markazidagi doira shaklli supaga chodir o’rnatilib mehmonlar kutilgan. T.ning tashqi tarzi bezaksiz, yaxlit devorli. Hovli atrofidagi ayvon va xonalar milliy me’morlik an’analari asosida pardozlangan. Devordagi ustungo’shalar oralig’iga namoyonlar ishlanib, choksiz ko’k va oq koshin qoplab, girih parchinlardan naqsh hosil qilib terilgan. Ishrat hovli va arz hovli devorlari namoyonlarga ajratilib, ko’k, oq va havo rang koshindan gilam nusxa mujassamot yaratilgan. Ayvon devorlaridagi girih va islimiy naqshlar orasidagi doira shakllar ichida arabiy yozuvlar uchraydi. Marmar poyustun va o’ymakori yog’och ustunlardagi doira shakllarda Ogahiyning Xiva xonlari tarixiga oid she’rlari, xon ayvonidagi Sharqiy poyustunda 1832 y. va ishrat hovli katta ayvon poyustunida, arz hovli katta ayvon bezaklari orasida 1838 y. hamda usta Abdulla jin nomi saqlangan. T.dagi xonalar tomi to’sinli, Haram va ishrat hovli ayvonlari hovuzakli, xo’jalik xonalari tomiga qamish bostirib loysuvoq qilingan, ba’zilari vassa shiftli. Xona ichki bezaklari ancha sipo, devor hoshiyalarida, shakldor taxmonlarda, Shift osti sharafasi, muqarnas kosachalari ganchkori bezakda, mevali daraxt shoxi va gullar qora, ko’k va qizil tusda ifodalangan. T. (Haram qismi)da Xiva “Ichan qal’a” davlat tarixiyme’moriy muzeyqo’riqxonasining hunarmandchilik muzeyi ekspozisiyasi joylashgan.