Trombositlar
Trombositlar (Yun. thrombos laxta va kytos — hujayra) — qondagi shaklli elementlardan biri. T. diametri 2-5 mkm keladigan tanachalar bo’lib, ular qon plastinkalari deb ataladi. 1 kub ml qonda 180-320 ming T. bo’ladi. Ular ko’miqda ishlanib chiqadi. Qon plastinkalari osonlik bilan emiriladi va qonning ivishida ishtirok etadi. Qon tomirlar jarohatlanganda T. xuddi shu joyga to’planadi va o’zaro birikib, qonni quyultiradigan maxsus modda ajratadi; natijada laxta qon (tromb) hosil bo’ladi va qon oqishi to’xtaydi. Qon ketgandan, operasiyadan keyin organizmning himoya reaktsiyasi sifatida qonda T. soni ortadi (trombositoz). Ba’zan T.ning ortishi yurak bo’shliklarida va qon tomirlarda tromb hosil bo’lishiga olib kelishi mumkin; bundam holat ko’proq venalarning varikoz kengayishi yoki ularning yallig’lanishida kuzatiladi (q. Tromboflebit). T. soni kamayishi ham mumkin (trombositopeniya), mas., ayrim dorilarga nisbatan sezuvchanlik yuqori bo’lganda, ba’zi kimyoviy moddalardan zaharlanganda T.ning ko’plab emirilishi kuzatiladi, bunda salga qon oqaveradi. T.ning kamayishi fiziologik bo’lishi ham mumkin, mas., kishi uxlaganda, ovqatdan keyin, hayz ko’rganda T. kamayadi.