Tuganak filchalari

Tuganak filchalari, tuganak uzuntumshuq qo’ng’izlari, tuganak uzunburun qo’ng’izlari (Sitona Germ.) — uzuntumshuq qo’ng’izlar oilasining urug’i. 45 ga yaqin turi mavjud. Uzunchoq tanasi 4-8 mm, asosan, kulrang tuproq tusda. Tuxumi oval shaklda, yaltiroq, oq tusda bo’lib, keyinchalik qorayadi. Lichinkasi oq rangli, oqish siyrak tukchalar bilan qoplangan, tanasining uz. 6-8 mm. G’umbagi oq. T.f. keng tarqalgan bo’lib, dukkakli ekinlar zararkunandasidir. Asosan, bedazorlarda uchraydi. Ayniqsa, yo’lyo’l T.f., torpeshona T.f., ildiz T.f. va b. ko’p zarar keltiradi. T.f. bedazorlarda tuproqning yuza qatlamida, o’simlik qoldiklari tagida qishlaydi. Qo’ng’izlari erta ko’klamda kunlar ilishi bilan paydo bo’ladi va barglar bilan oziqlanadi, Maysadagi urug’palla, birinchi barg hamda o’sish nuqtasini eb qo’yadi. Tuxumini tuproq yuzasiga tarqoq holda, kamdankam o’simlikka qo’yadi. Urg’ochisi 600-800, ayrim turlari esa 1000 tagacha va undan ortiq tuxum qo’yadi. Tuxumdan chiqqan lichinkalarining beda ildizida rivojlanish davri 30-35 kun. T. f.ni chumolilar (tuxum va lichinkalarini tashib ketib), tripslar (tuxumini so’rib) va muskardina zamburug’i (qo’ng’iz va lichinkalarini kasallantirib)ni yo’q qiladi. Kurash choralari: urug’lik bedazorni kuzda 25-28 sm chuqurlikda plug bilan (chimqirqarni qo’ymaslan) qayta haydash, ekish oldidan beda urug’larini 10% li namlanuvchi kvark kukuni bilan upalash, tuproqqa donador fosfamid (50 kg/ga) solish.