YUNUSOBOD OKTEPASI

YUNUSOBOD OKTEPASI — o’rta asrlar arxeologiya yodgorligi (5-13-asrlar). Toshkentning shimoli Sharqiy qismida, Oqtepa kanali bo’yida joylashgan. 1886 yil V.P.Nalivkin qayd qilgan. 1940— 41 yillarda A.I.Terenojkin qazishlar olib borgan. 1975 yil va 1977-85 yil Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasi (M.S.Mershchiyev, M.I.Filanovich) tomonidan o’rganilgan. Yunusobod Oktepasi — Jan. tomoni baland va tik tepalik ko’rinishdagi ko’shkli qo’rg’onqasr va istehkomsiz qishloq xarobasi. Maydoni qariyb 100 gektar, eng baland qismi 21 metr. Ko’shkli qo’rg’on (86-180 metr) shimoldan Janubga tomon cho’zilgan va qishloqsan chuqur jarlik (xandaq) bilan ajratilgan. Qazishmalardan ma’lum bo’lishicha, 5-asrda qasr do’nglik ustiga urib chiqilgan paxsa tagkursi (platforma)da qadimiy ko’targan. U uzun va keng zinapoyaga o’xshatib qurilgan ikki qavatli binodan iborat bo’lib, uning birinchi qavatini maydoni 80×80 metr va yuqori qavatining maydoni 50×50 metrga teng. Qasrning har ikkala qavatining ichkari tomoniga uzun yo’lak — galereya bino qilingan va tashqarisi baland devor bilan o’ralgan. Tashqi devor va tomi ravoqsimon qilib yopilgan yo’laklar galereyasi xalq tilida “devg’isht” deb yuritilgan paxsa bloklari (70x70x70 santimetr) hamda 48x24x48 santimetr hajmdagi uzun xom g’ishtlardan ishlangan. Yo’laklar halqasining kengligi 2 metr, balandligi 2,3 metr. Ustki qator yo’laklar burchaklarida gumbazli dumaloq xonalar bo’lib, ular tashqaridan doira shaklidagi minora (mo’la)larni hosil qilgan. Kvadratning ichki qismi uzun ensiz, tomi gumbazli xonalardan iborat bo’lib, ular qator yo’laklarga tutashgan. 7-asr boshlarida tor xonalar tuproq bilan to’lg’azilib, mustahkam tagkursiga aylantirilgan va ustiga binolar qurilgan. Qasrning to’rt burchagidagi minoralar mustahkamlanib, uningjan. g’arbiy qismida maydoni 22×22 metrli ko’shk bino qilingan. Saqlanib qolgani morat qoldiqlariga qaraganda (7-asr oxiri va 8-asr boshi), ko’shk ham 2 qavatli bo’lib, uning pastki qavatida ravoqli xonalar, yuqorida esa mulkdorning uyjoy va mehmonxonalari joylashgan. Ko’shkdan shimolroqda 10 tacha xonalar ochilib, ular ibodatxona majmuasidan iborat bo’lgan. Ko’shkning Sharqiy qismida 9 ta uzun boloxonali uylar kavlab ochilib, ayrimlarining ichida devor bo’ylab ensiz supa, orqa devorida yorug’lik darchalari, to’sin tuynuklari saklangan. Xonalar, asosan, omborxona, boloxonalar esa xizmatkor va qarollar uchun boshpana vazifasini o’tagan. Oqtepaning qasrga yondoshgan qo’rg’on qismida ham qazish ishlari olib borilib, qo’rg’onning tashqi devori, hovli va devor bo’ylab chokarlar uchun qurilgan gurar joylar, ko’shkka tomon yo’nalgan ko’tarma yo’lning bir qismi va darvozaxona oldi inshootlarining vayronalari kavlab ochilgan. Qazish jarayonida sopol buyum bo’laklaridan tashqari tosh, suyak va metallardan yasalgan qurol-yarog’, zebi-ziynat, jumladan, temir pichoq, xanjar, bolta, o’roq, uch parrakli o’q paykonlari, tosh yorg’uchoqlar, tog’ xrustali ko’zli kumush uzuk va hokazolar topilgan. Topilmalar orasida Nuroniy mo’ysafid tasvirli terrakota, ayniqsa, diqqatga sazovor. Shuningdek, 5-asrdagi mahalliy hukmdorlarning kumush tangalari, umaviylar 12 ta dirhami hamda Sug’d yozuvli mis tanga qayd etilgan. Tangalar, kuchli yong’in izlari va boshqalarga qaraganda qo’rg’on 8-asrning 1-choragida vayron bo’lgan. Qo’rg’on xarobasi o’rnida 8-asrning 2-yarmida hayot qayta jonlangan. 9-12-asrlarda u Binkagp viloyatining istehkomli qishloqlaridan biriga aylangan. 13-asr boshida inqirozga uchragan. Ad.: Buryakov Yu.F., Kasmmov M.R., Rostovtsev O. M., Arxeologicheskie pamyatniki Tashkentskoy oblasti, T., 1973; Mukminova R.G., Filanovich M.I., Tashkent na perekrestke istorii, T., 2001; Muhammadjonov A., QadimgiToshkent, T., 2002.