Tola optikasi
Tola optikasi — yorug’lik va ma’lumotlarni optik diapazondagi nur o’tkazgichlar (nur tolalari) da tarqalishini urganadigan optika bo’limi. T. o. 20-a.ning 50-y.larida vujudga kelib, 70-y.larning boshida spektrning ko’rinuvchi va infraqizil sohalarida so’nish koeffisienti 20 dbg’km dan kam bo’lgan kvars shishasi olinishi bilan jadal rivojlana boshlagan. Nur tola sindirish ko’rsatkichlari bir-biridan farq qiluvchi tsilindr shaklidagi shisha yoki plastik o’zak va uni o’rab turuvchi qobiqdan tashkil topgan. O’zakning sindirish ko’rsatkichi qobiqnikidan katta bulgani uchun, ular chegarasida yorug’likning to’la ichki qaytish hodisasi yuz berib, uzak ichiga kiritilgan nur tashqariga chiqib ketmasdan nur tola ichida tarqaladi. Hyp tola o’zagining diametri bir necha mikrondan yuzlab mikrongacha, qobiq qalinligi o’nlab mikrondan yuzlab mikrongacha o’zgarishi mumkin. T. o. sohasida olib borilgan tadqiqotlar nur tolalarning keng ko’lamda optik aloqada qo’llanilishiga olib keldi. Hoz. kunda an’anaviy simli aloqa kabellari o’rnini axborot uzatish imkoniyatlari katta bo’lgan nur tolali kabellar egallamoqda. Atlantika va Tinch okeanlari suv ostidan o’tkazilgan nur tolali aloqa kabellari Osiyo va Evropa davlatlarini Amerika qitasi bilan bog’lab turibdi. Optik tasvir muayyan tartib bilan joylashtirilgan nur tolalar dastasi orqali uzatiladi. Dastadagi tolalar soni bir necha ming, hatto, millionlarni tashkil etib, dasta uchlariga maxsus ishlov beriladi. Nur tolalar dastasi tibbiyotda odam ichki a’zolarini yoritish va kurishda (endoskop), tezkor kinoga olishda, yadro zarralarining yuqori tezlik (trek) larini qayd qilishda va b. sohalarda keng qo’llaniladi.