Tibet tili
Tibet tili — xitoytibet tillari oilasidagi tibetbirma tarmog’iga mansub tillardan. Lama ibodatxonasi (dini)ning tili hisoblangan yozma adabiy T. t. asosan Xitoyning TSinxay va Ichki Mongoliya hududlarida, Mongoliya Respublikasida, qisman RFning Buryatiya va Tuva respublikalarida tarqalgan. Unda so’zlashuvchilar 5 mln. kishiga yaqin. Yozma T. t. va Lxasa lahjasi butun Tibet hududida qabilalararo aloqa hamda ish yuritish tillari hisoblanadi. O’rta asrdagi T. t. bilan hozirgi T. t. o’rtasida so’z yasalishi va morfologiya sohasida birmuncha farqlar bor. Adabiy tilning paydo bo’lishi yozuvning paydo bo’lishi (eng qad. yozma yodgorlik 7-a.ga mansub) va Tibetga buddaviylikning kirib kelishi bilan bog’liq. Adabiy til sanskritdan muqaddas diniy kitoblarni tarjima qilish jarayonida (8-a.) shakllanib, keyinroq boy tarixiy, diniy, badiiy adabiyot yaratilishi bilan rivojlanib borgan. T. t. fonetik jihatdan o’zaro farqlanuvchi bir necha lahjaga ega. Tovush tizimida 16 unli va 36 undosh fonema mavjud. So’zlar o’zaklarning qo’shilishi va takrorlanishi orqali hosil qilinadi. So’zlar va iboralar o’rtasidagi grammatik munosabat yuklamalar, yordamchi so’zlar va gapdagi so’z tartibi bilan ifodalanadi. Hoz. adabiy T. t. qad. davrlardan boshlab an’anaviy imloni saqlab qolgan, grammatika ham aytarli o’zgarmagan, o’zgarish va yangiliklar, asosan, leksikada sodir bo’lgan. Tibet yozuvi qad. hind yozuvi brahmidan kelib chiqqan (5-a.).