“YUSUF VA ZULAYHO”

“YUSUF VA ZULAYHO” — Sharq xalqlari orasida mashhur va keng tarqalgan ishq qissasi, Doston. Asl manbai — ilohiymuqaddas kitoblar: Tavrot, Injil va Qur’oni Karim. Qur’ondagi talqini birmuncha ixcham va badiiy shakllangan. Tavrotdagisi folklorga yaqin va qadimiy Misr afsonalariga borib taqalishi taxmin qilinadi. Sharqda keng tarqalgan qissaning bu varianti Qur’oni Karimning “Yusuf” (12) surasi asosida shakllangan bo’lib, jamiki “Yusuf va Zulayho” qissa va dostonlarining Ilhom manbai ushbu suradir. Ushbu qissa Qur’onda “ahsan ulqisas” (“qissalarning eng go’zali”) deya ta’riflanadi. Mazkur qissa davrlar o’tishi bilan Sharqda go’zal adabiyot namunasi sifatida keng tarqaldi, ko’plab yangi voqealar bilan boyib, alohida asar holida qalamga olina boshladi. Sharqda (9-asrdan) 150 dan ortiq “Yusuf va Zulayho” dostonu qissalari yaratildi. Xususan, eng mashhurlari qatorida Firdavsiy, Abulmuayyid Balxiy, Shahobiddin Am’aq, Shohin Sheroziy, Abdulloh Ansoriy, Xoja Mas’ud Iroqiy, Abdurahmon Jomiy va boshqalarning qissadostonlarini ko’rsatish mumkin. Xuddi shuningdek, turli davrlarda turkiy adabiyotda ham shu mavzuda 50 ga yaqin asar ijod qilingan. Jumladan, Qul Ali, Nosiriddin Rabg’uziy, Haydar Xorazmiy, Mulla Yusuf Yorkandiy, Nozim Hiraviy, Sayqaliy, Xiromiy, Salohiy, Andalib, Hoziq kabi ijodkorlar qissa va dostonlar bitganlar. Asarning keng tarqalishi va Shuhrat qozonishiga asosiy sabab uning mazmun-mohiyatidagi muhabbat talqinidir. Asar “Yusuf va Zulayho”, “Qissai Yusuf alayhissalom” yoki “Qissai Yusuf payg’ambar” deya turlicha nomlanishiga va turli davrlarda, turli ijodkorlar tomonidan yozilishiga qaramay, unda ishq mavzui sufiyona talqinning eng jozibador namunasi bo’lib qolaverdi. Shu bilan birga, “Yusuf va Zulayho” dostonlari o’ziga xos sof insoniy muhabbatni tarannum etuvchi dunyoviy adabiyot namunasi hamdir. Masalan, Durbekka nisbat berib kelingan Xorazmiyning “Yusuf va Zulayho” dostonida (1409) O’rta Osiyo xalqlarining turmush tarzi, oshiqlarning muhabbat to’la sarguzashtlari juda yorqin bo’yoqlarda go’zal tasvirlangan. Umuman, davrlar o’tishi bilan “Yusuf va Zulayho” dostoni syujeti asosida yaratilgan asarlarda o’z davrining turli axloqiy va falsafiy qarashlari, ijtimoiy va siyosiy tushunchalari aks etib boraverdi. Ushbu syujet asosida asarlar yaratish 20-asrda ham davom etdi. Xususan, Hamza Hakimzoda Niyoziy “qiroat” kitobida bu qissani sodda til bilan qisqacha hikoya qilgan, Nozim Hikmat “go’zal Yusuf” pyesasi, ramz Bobojon “Yusuf va Zulayho” musiqali dramasini yaratdi. Jomiyning “Yusuf va Zulayho” asari 19-asrda Ogahiy tomonidan o’zbekchaga tarjima qilindi. G’arb adabiyoti ham bu syujetga murojaat qilgan (T. Manning “Yusuf va uning akalari” tetralogiyasi, 1933-43). Ad.: Qur’oni Karim, T., 1992; Mallayev N., O’zbek adabiyoti tarixi, 1-kitob, T., 1963; O’zbek adabiyoti tarixi [5J.li], 1J..,T., 1977; Alisher Navoiy, Mukammal asarlar to’plami, 16j., T., 2000; Durbek, Yusuf va Zulayho, T., 1959. Otabek Jo’raboev.