Jizzax shahri ikkinchi jahon urushi yillarida

1941 yil 22 iyun kuni tongida fashistlar Germaniyasi mamlakatimiz tuprog’iga xiyonotkorona bostirib kiradi. Urush boshlanganligi to’g’risidagi mash’um xabar O’zbekistonning barcha viloyatlariga, shahar va qishloqlariga yashin tezligida tarqaldi. Jizzaxlik hamshaharlarimiz ham butun xalq bilan yonma-yon turib, o’sha paytda taqdirlari bir bo’lgan ittifoqchilarimiz bilan hamkorlikda Vatan himoyasiga otlandi. Jizzax shahrining sanoat korxonalari, tashkilot va muassasalarida, Jizzax tumanida, kolxoz va sovxozlar, maktablarda ko’p ming kishilik mitinglar bo’lib o’tdi.

Jizzax tuman partiya qo’mitasining birinchi kotibi Otaulla Oxunboboyev shahardagi ana shunday mitinglardan birida so’zlagan nutqida fashist bosqinchilariga la’natlar o’qib, hammani fidokorona mehnat qilishga chaqirdi. Mitingda so’zga chiqqan Mamatqul Qurbonovning hayajonli nutqi miting qatnashchilarining fikrini o’zida mujassamlashtirdi.

Mitingda ishtirok etgan xizmatchilar, dehqonlar, ziyolilar, talabalar, yoshlar o’z Vatanlarini himoya qilishga, bosqinchilarni tor-mor qilish uchun urushga borishga, g’alabani ta’minlash uchun front orqasida fidokorona mehnat qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Urushning dastlabki oylaridayoq juda ko’plab kishilar ko’ngilli bo’lib frontga ketdilar. Qasoskorlar orasida Pyotr Koryagin, Toshpo’lat Qodirov, To’raqul Ergashev, Oleg Kan, Aleksey Alyoshin, Ahmad Safiullin, Leonid Ponomarenko, Ivan Gavrilov, Nizom Suvonqulov, Oqil Nazarov, Ahmad Bobojonov, Qipchoq Ismoilov, Murodjon Abdurahmonov, G’aybulla Hamroyevlar ham bor edi. Fashistlarga qarshi jang qilish uchun erkaklar bilan bir qatorda jizzaxlik xotin-qizlar – Antonina Tulyakova, Zubrajab Bektagirova, Antonina Popova, Antinonina Fedyayeva, Klavdiya Pestrolyubova, Yelizaveta Dudlyajenko, Vera Fisenko, Yekaterina Zelenova singari ko’plab shifokorlar ham frontga otlandilar.

Jizzax shahri Jizzax tumanining markazi bo’lgani uchun tuman partiya va ijroiya qo’mitasi hayotni urush davrida talablariga moslab qayta qurishga, butun kuch va vositalarni frontga safarbar etishga qaratdi. Front orqasini mustahkamlash, qishloq xo’jaligi, sanoat korxonalarini yanada samaraliroq ishlashini ta’minlash vazifalari amalga oshirildi.

Jizzaxliklar sanoat va qishloq xo’jaligi korxonalarida frontga ketgan yor-birodarlari uchun kechani kecha, kunduzni Kunduz demay mehnat qildilar. Barchaning fikri-zikri frontga ko’proq yordam qilishga qaratilgan edi. Fabrika zavod devorlarida “Hamma narsa-front uchun!”, “Hamma narsa-g’alaba uchun!” degan da’vatkor shiorlar paydo bo’ldi. Shahar ahli, ota-onalar dahshatli sinov paytida o’z farzandlarini frontga jo’natar ekanlar: “Mard va botir askar bo’l, hamisha birinchi safda bo’lib, qahramonlarcha jang qilib, g’alaba bilan qaytib kel”, deb niyat qilardilar.

Shahar sanoat korxonalarida butun e’tibor armiyamiz uchun frontga zarur sanoat mollarini ishlab chiqarishga qaratilgan edi. Erkaklar frontga ketganliklari tufayli shahardagi zavod va fabrikalar huvillab qolgan edi. Tsexlardagi yigitlar o’rnini o’spirinlar, xotin-qizlar egalladi. Jizzax ayollari toshkentlik Latifa Nosirovaning: “Biz endi uy-ro’zg’or ishlari bilan shug’ullanadigan xotin-qizlar emas, balki Vatan ozodligi urushining faol ishtirokchilari bo’lgan million-million ishchilarning bir qismi, qahramon jangchilarning g’amxo’r onalarimiz”, degan so’zlarini qizg’in qo’llab-quvvatlab, sanoat, qishloq xo’jaligi, ishlab chiqarish korxonalarida faol mehnat qildilar.

Jizzax sanoat korxonalarining ishlab chiqarishi urush iziga solib yuborildi. 1942 yili Jizzax paxta tozalash zavodi temir yo’l stansiyasi yaqiniga ko’chirildi. Urush yillarida qishloq xo’jaligi mashinalarini ta’mirlash zavodi va paxta tozalash zavodi ishchilarining g’ayrati bilan zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Zavodni qisqa muddat ichida ishga tushirish ta’minlandi. Zavodda 1200 ot kuchiga ega bo’lgan elektrostansiya qurilib ishga tushirildi. Ishlab chiqarish puxta tashkil qilingani tufali korxonada 1941 yili 7890 tonna tola ishlab chiqarilib, reja 113 foizga bajarildi.

Zavodda “jin” mashinalarida ishlagan Muzina Jabborova, Mariya Bajanova, Juma Toshboyev, Tursun Barotov, Yekaterina Pavlenkolar ko’plab paxta lint tolasi ishlab chiqarib, kunlik majburiyatlarini 110-120 foiz qilib ado etdilar. Korxonada Nizom Isayev, Jo’ra Rahimov, Hasan Abdurashidov boshliq smenalarda kunlik, oylik ish rejalari hamisha oshirib bajarilar edi. Zavodda asbob-uskunalarning benuqson ishlashini ta’minlashda mashinist LSpetsin, mexanik P.Samoylov, bosh muhandis A.Matyushenkolar samarali mehnat qildilar. Ishchi kadrlar yetishmaganligidan ish vaqti 10-12 soat davom etib, dam olish kunlari ham ish kuni qilib belgilandi.

Jizzax shahri aholisining insoniylik, olijanoblik, bolajonlik fazilatlari urush yillarida mamlakatning g’arbiy viloyatlaridan ko’chirib keltirilgan aholiga, bolalarga ko’rsatilgan g’amxo’rliklarda o’z ifodasini topgan edi. Jizzax 1942 yil bahoriga kelib, mamlakatning g’arbiy viloyatlaridan evakuatsiya qilingan 716 kishini, shu jumladan, qatag’on qilingan qrim tatar, ukrain, rus, belorus, polyak millatiga mansub aholini ham o’z quchog’iga olib boshpana berdi, ish bilan, oziq-ovqat bilan ta’minladi. Shaharga ko’chirib keltirilgan aholi ohak zavodi, paxta tozalash, yog’-moy zavodlari, g’alla tayyorlash korxonasi, savdo bo’limi va boshqa muassasalarga ishga joylashtirildi. Ko’chirib keltirilgan oilalarga yigirma olti ming so’m miqdorda mablag’ berilib, 170 gektar tomorqa uchastkalari ajratildi. Shaharga ko’chirib kelingan fuqarolarga bir kunda 400 gramm non, korxonalarda tushlik va kechki issiq ovqat bilan, yosh bolalar va qariyalar esa kuniga 300-400 gramm non va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlandi.

Jizzaxga ko’chirib keltirilgan bolalar turli yoshda bo’lganligi tufayli 15 yoshgacha bo’lganlari bolalar uyiga, maktab-internatlarga joylashtirilib, o’quv-tarbiyaviy ishlar yo’lga qo’yildi. 17 yoshdagilar ishlab chiqarishga joylashtirildi. Ko’plab oilalar esa boquvchisiz qolgan bolalarni farzandlikka oldilar.

Jizzax shahrida janglarda yaralangan yoki bemor bo’lib qolgan askar va zobitlarni sog’lomlashtirish maqsadida pedagogika bilim yurti binosi bazasida shifoxona ochilib, zarur asbob-uskunlar, dori-darmonlar, oziq-ovqat bilan ta’minlandi. Bemorlar salomatligini tiklashda shifoxonaning bosh tibbiy hakimi I.I.Bichenkoning xizmatlari, ayniqsa, katta bo’ldi. Viloyat, shahar, tuman muassalari shifoxonaga moddiy-madaniy xizmat ko’rsatdilar.

Erkaklar frontga ketganligi tufayli rahbarlik lavozimlariga ham ayollar tayinlandi. Jizzax tuman partiya komitetida A.Belyayeva, M.Kudryashova, tuman ijroiya qo’mitasida M.Sladkova, shahar savdo bo’limida B.Xolmatova singari xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida g’ayrat-shijoat ko’rsatib mehnat qildilar.

Shaharga Rossiya Federatsiyasi va Qrimdan ko’plab oilalarning ko’chirib keltirilishi bir qator qiyinchiliklarning yuzaga kelishiga ham sabab bo’ldi. Ko’pgina maktablar jamoa xo’jaliklari va muassasalar binolariga ko’chirildi. Maktablarda o’quv xonalari yetishmaganligi sababli mashg’ulotlar 3 smenada, dars soatlari 40 minutda olib borilib, tanaffuslar ham qisqartirildi. Harbiy holat mohiyatini anglagan pedagog jamoalari urush davri qiyinchiliklariga qaramay o’quv-tarbiy ishlarini kuchaytirdilar.

Frontga ketgan erkak o’qituvchilar o’rnini xotin-qizlar, pensionerlar urushdan yarador bo’lib qaytgan jangchi muallimlar egalladilar.

Urush yillarida Mehri Odilova, Tojixol Tursunova, Shahri Umarova, Muyassar Nosirova, Nazokat Tursunova, Inobat Oxunova, Toshpo’lat Sharipov, Abdulla Xayrullayev, Abbos Xazratqulov, Normat Qurbonov, Abdulla Rahimov singari ko’plab o’qituvchilar maktablarda o’quv-tarbiyaviy ishlarni olib bordilar.

Maktab o’quvchilari bilim olish bilan bir qatorda, darsdan bo’sh vaqtlarida jamoa xo’jaliklarida qishloq xo’jaligi ishlarida qatnashdilar. Ular g’o’za parvarishida, ipak qurti boqishda, temir-tersak yig’ishda, frontga sovg’a-salomlar to’plab jo’natishda faol ishtirok etishdi, shahardagi harbiylar shifoxonasiga va yaradorlarga yordam ko’rsatishdi.

Fashistlar vaqtincha bosib olgan va dushman yaqinlashib qolgan Ukraina, Belorussiya hamda boshqa respublikalardagi shifo maskanlari va tibbiyot xodimlari sharqqa, jumladan, O’zbekistonga ko’chirib keltirildi. Shifokor M.I.Savkina boshliq Moskva viloyatining Klin shahrida tashkil topgan 2904-evakuatsiya shifoxonasi 1941 yil avgust oyida Jizzax shahriga ko’chirib keltirildi. Shifoxona Jizzax pedagogika bilim yurtining bilim yurtining binosiga (hozirgi Jizzax pedagogika kolleji o’rniga) joylashtirildi. Mazkur shifoxona shahar partiya va ijroiya qo’mitasi ko’magina malakali tibbiyot xodimlari bilan to’ldirildi va frontga jo’natildi.

Frontga jo’nagan tibbiyot xodimlari safida jizzaxlik shifokorlar A.V.Stepashko, V.S.Eysyan, feldsherlar P.Golovskoy, P.Durasev, S.Yeltsin, hamshiralar A.Belonogova, Z.Vlasova, O.Kodenko, G.Kochetkova, K.Krilova, K.Pestrolobova, S.Romanova, A.Tarasenko, V.Fedchenkolar ham bor edi. Shifoxona jamoasi bilan 10 nafar mahalliy hamshira qizlar ham ko’ngilli bo’lib frontga jo’nab ketdilar.

1941-1945 yillar mobaynida Jizzax muzofotidan ko’plab tibbiyot xodimlari frontga borib, polk, diviziya tibbiyot tarmoqlarida, harbiy shifoxonalarda urushda jarohatlangan jangchilarni davolashda ishtirok etishdi. Jizzaxlik shifokorlar Safar Tursunov, Anvar Botirbekov, feldsher Aziz Xolmuhamedov, zominlik shifokorlar Rahim To’laganov, Zaytuna Buxarova, feldsherlar Fyodor Avtonomov, Abdurazzoq Oripov, g’allaorollik hamshiralar N.Zima, M.Kulish, M.Karyagina, N.Shestyakova singari shifokorlar yarador jangchilarni davolash bilan front chizig’ini mustahkamlashga o’zlarining munosib hissalarini qo’shdilar.

Ikkinchi jahon urushi janggohlariga birinchilar qatorida otlangan jizzaxlik o’zbek shifokor qizi Bahriniso Boboyevaning dushmanga qarshi ko’rsatgan beqiyos mardlik va jasorati haqida front ro’znomalarida ko’plab ocherklar bosildi.

B.Boboyeva 1904-evakuatsiya shifoxonasi bilan birgalikda Krasniy Sulmon, Elton va Krasniy Kut shaharlarida bo’lib o’tgan janglarda jasorat ko’rsatib, hamkasblari qatorida yaralangan jangchilarni davolashda jonbozlik ko’rsatdi.

Jasoratli shifokor B.Boboyeva 1942 yilning avgust oyida frontga jo’natish punkti orqali Krasniy Kut shahridan Stalingrad frontiga yo’l olgan edi. Bu davrda Stalingrad ostonalarida shiddatli janglar bormoqda edi. Bahriniso bevosita jang maydonida yaradorlarga birinchi yordam ko’rsatib, o’zining jasur shifokor ekanligini namoyish etadi. U fashistlarga qaqshatqich zarba berayotgan 37-armiyaga qarashli piyoda o’qchi polkida harbiy shifokor, 1788-evakuatsiya shifoxonasida davolovchi shifokor bo’lib xizmat qilib, ikki marta yaralandi. 1943 yil may oyida og’ir yaralangach, jarohati tezda bitavermaydi va harbiy komissariat qarori bilan harbiy xizmatdan ozod etiladi. Frontda olgan jarohati o’z ta’sirini ko’rsatib, o’zi yillab orzu qilgan va kurashgan g’alaba onlarini ko’rolmay, o’sha yili oxirida vafot etadi.

Bahriniso Boboyeva Vatan oldidagi xizmatlari uchun orden, medal va Oliy bosh qo’mondonlikning Faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan edi.

Jizzaxlik jangchilar jasorati. Jizzaxlik jangchilar urushning dastlabki kunidayoq fashizmni tor-mor keltirish uchun Moskva, Leningrad, Smolensk, Odessa, Sevastopol va boshqa shaharlar himoyasi, Praga, Varshava, Belgrad, Vena shaharlarini ozod qilish, Berlinni zabt etish uchun bo’lgan janglarda jasorat ko’rsatdilar. Jasur jangchilar O’rol Ahmedov, Xolmat Jo’rayev, Mixail Ayrapetov, Xalil Arslonov, Saidxalil Alimov, Semyon Ivanovlar Leningrad shahrini himoya qilishda, Tixon Dolganov, Nasim Salimov, Nizom Salimqulov, Jo’ra Shobo’tayev, Arslon Sultonov, Pyotr Baturinlar Varshavani ozod qilishda, G’affor Yangiboyev, Aleksandr Kucherov, Ivan Bannikov, Yelena Nikulinalar Berlinni qo’lga kiritishda qahramonona jang qilganliklari uchun hukumatning orden va medallari bilan mukofotlandilar.

JO’RAQUL TO’RAYEV 1922 yilda Jizzax tumanining “Mo’lkanlik” qishlog’ida kambag’al dehqon oilasida tug’ildi. Ikkinchi jahon urushiga qadar u jamoa xo’jaligida kolxozchi bo’lib ishladi. Urushning dastlabki kunlaridayoq ko’ngilli bo’lib frontga ketdi.

Jo’raqul To’rayev urush yillarida fashistlarga qarshi janglarda faol ishtirok etib, o’zbek jangchisiga xos jasurlik ko’rsatdi. U Belorussiya tuprog’idan dushmanni haydab chiqarish uchun bo’lgan janglarda 46-yengil artilleriya brigadasining nishonga oluvchisi sifatida qatnashdi.

Paroxovshin qishlog’i yonidagi jangda dushmanning 12 tankini, “Ferdinand” tipidagi ikki o’ziyurar to’pini ishdan chiqarib, dushmanning bir qancha soldat va zobitlarini qirib tashladi.

1943 yil 17 maydagi hukumat farmoni bilan unga “Urush Qahramoni” unvoni berilgan.

Yegor Ivanovich Ivanin 1918 yilda ishchi oilasida Jizzaxda tug’iladi. Ikkinchi jahon urushida fashistlarga qarshi og’ir artilleriyaning 747-batareyasi starshinasi bo’lib, Moskva ostonalarini, Volgabo’yi va Shimoliy Kavkazni dushmandan ozod qilishda faol ishtirok etdi. 1944 yil avgust oyida Paroze (Litva)ni dushmandan ozod qilishda qatnashadi. U qo’mondonlik qilgan rota jangchilari 12 ta tank himoyasidagi dushman bataloni batareyasining o’t ochish nuqtasiga qarshi shiddat bilan hujum qildi. Yegor Ivanovich to’plardan o’q uzib, dushmanning ikkita tankini ishdan chiqaradi, yana ikki tankini yondirib, dushmanni chekinishga majbur qiladi. Starshina Ye.Ivanin komandirlik qilgan batareya jangchilari o’sha kuni bo’lib o’tgan jangda 35 ta dushman tankini yer bilan yakson qiladi. Bu jangda jasurlik ko’rsatgani uchun starshina Ye.Ivanin ham 1945 yil 25 martda chiqarilgan hukumat Farmoniga binoan “Urush qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan edi.

Jizzaxlik katta serjant, dovyurak razvedkachi Ivan Tixonovich Rijovning fashistlarga qarshi olib borilgan urushda Dnepr daryosining narigi sohiliga o’tishda uning ko’pchilik quroldosh do’stlari halok bo’lishdi. Ammo katta serjant Rijov halok bo’lgan do’stlari uchun qasos olishga ahd qilib, Dneprni kechib o’tib, dushmanga qarshi mardonavor jang qildi. Yigirmata gitlerchini o’ldiradi va ikkita dushman tankini ishdan chiqaradi. Bu jangda ko’rsatgan qahramonligi, jasurligi uchun unga ham Hukumat farmoniga binoan “Urush Qahramoni” unvoni berildi.

Gubarkov Grigoriy Maksimovich Jizzaxda tug’ilgan. Traktor haydovchisiga yordam bo’lib xizmat qilardi. 1944 yili armiya safiga chaqirilib, frontga fashistlarga qarshi jasurlik bilan jang qildi. U Visla daryosini kechib o’tishda, ayniqsa, jasorat ko’rsatdi. Oddiy askar Gubarkov tinimsiz o’q yog’dirayotgan dushmanning o’q otish nuqtasini yo’q qilib, 35 ta dushman askarlarini qirib tashladi va o’z askarlarining daryodan kechib o’tishini hamda g’alabasini ta’minlaydi. G.Gubarkov ham “Urush Qahramoni” unvoni bilan mukofotlanadi.

Fashistlarga qarshi janglarda qahramonlik ko’rsatgan g’allaorollik Eshonqul Ismoilov, yangiobodlik Jo’raxon Usmonovlar ham “Urush Qahramoni” unvoni bilan taqdirlanganlar. Kapitan Qipchoq Ismoilov 321-82 gvardiyachi o’qchi diviziyasi tarkibida Stalingrad ostonalarida dushmanni tor-mor etishda jasorat ko’rsatib, Berlingacha jang qilib bordi. Janglarda Berlinni zabt etishda ko’rsatgan jasoratlari uchun “Qizil yulduz” ordeni, “Vatan urushi” ordeni bilan mukofotlandi, o’nlab medallar bilan taqdirlandi.

Jizzax shahar aholisi mudofaa fondini tashkil etib, front uchun issiq kiyimlar to’plashdi. Ishchilar, ziyolilar shaxsiy jamg’armalarini, qimmatbaho buyumlarini mudofaa fondiga topshirdilar. Shahar aholisi tashabbusi bilan 1942 yili mudofaa fondiga 75,5 ming so’m pul, 120 tsentner don, 145 bosh qoramol, ko’plab qo’y-echkilar topshirildi. Shahardagi paxta tozalash, yog’-moy zavodlari ishchilari, savdo muassasalari tomonidan frontga vagon-vagon oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi mahsulotlari muntazam jo’natib turildi. 1944 yili dushmandan ozod qilingan shaharlar va tumanlarning aholisiga 315 tsentner go’sht, 2 million so’mdan ko’proq pul yordami ko’rsatildi.

Jizzaxlik yozuvchi va shoirlar qiynoq ijodi bilan xalqni mardonalikka chorlab, fidokorona mehnatga ruhlantirib, g’alabaga o’zlarining munosib hissalarini qo’shdilar. Ijodiy ziyolilarning radio va matbuotda kishilarni xushyorlikka, vatanparvarlikka, dushmanga qarshi mardonavor jang qilishga, front orqasini mustahkamlashga chorlovchi chiqishlari katta ahamiyatga ega bo’ldi. O’zbekiston xalq shoiri Hamid Olimjon, davlat va jamoat arbobi, taniqli yozuvchi, urush qatnashchisi Sharof Rashidov, Qodirjon Imomov, Nazir Safarov va boshqalar jo’shqin she’r, qasidalar yozdilar. Hamid Olimjonning “Qo’lingga qurol ol!”, “Sharqdan g’arbga ketayotgan do’stga”, “Jangchi Tursun” va “Roksananing ko’z yoshlari” nomli asarlari, Sharof Rashidovning “Qahrim” she’rlar to’plamida fashizm kirdikorlari fosh etilib, g’alabaga ishonch kuylanib, xalqning jangovar ruhini ko’tarishga xizmat qildi.

Fashizm ustidan qozonilgan g’alabaning olamshumul tarixiy ahamiyati shundaki, u dunyodagi ko’plab xalqlarni zo’ravonlikdan, qullikdan, zulmdan ozod etdi, erkin, demokratik rivojlanish uchun, iqtisodiy va ma’naviy taraqqiyot uchun yo’l ochib berdi. O’zbek xalqi, shu jumladan, Jizzax xalqi ham fashizmni tor-mor etishda olamshumul ahamiyatga molik g’alabaga o’z hissasini qo’shdi. Urush davri O’zbekiston tarixining uzviy bir qismi bo’lgani uchun biz uni unuta olmaymiz. Jizzaxda urush faxriylariga, ularning oilalariga moddiy-ma’naviy yordam berilmoqda, ularga imtiyozlar joriy qilingan.

Fashizm ustidan g’alaba qozonigan 9 may kuni O’zbekistonda “Xotira va qadrlash” kuni sifatida nishonlanmoqda. Fashistlarga qarshi janglarda halok bo’lgan jizzaxlik mard jangchilarga minnatdorchilik ramzi sifatida Jizzax shahrida “Xotira” yodgorlik maydoni barpo etilgan. “Xotira” yodgorligi poyida mangu olov yonib turibdi. Urushda halok bo’lganlar xotirasini esga olish, biz bilan hozirgi kunlarda ham yonma-yon yashayotgan urush faxriylarini qadrlash, e’zozlash, hurmat-izzatini joyiga qo’yishdek ulug’vor insoniy fazilatlar, yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda, Mustaqil O’zbekistonning milliy xavfsizligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.