YOG’ BOSISH
YOG’ BOSISH, semirib ketish — organizm to’qimalarida, asosan teri ostidagi yog’ kletchatkasida, shuningdek, qorin bo’shlig’ida ortiqcha yog’ (ko’proq charvi) yig’ilishi. Gavda vaznining ancha ortganligi organizmda suv to’planishiga aloqador bo’lmasa, deyarli xamisha Yog’ bosishdan darak beradi. Yog’ bosishda ko’pincha organizmga zo’r keladi: yurak ishi, qon aylanishi qiyinlashadi, kishi halloslaydi, tez charchaydi, ish qobiliyati va infektsion kasalliklarga chidamliligi kamayadi, ateroskleroz va boshqa ba’zi kasalliklar paydo bo’lishiga imkon tug’iladi. Bunda kishi organizmi ehtiyoji (sarf qiladigan energiyasi) ga nisbatan ortiq ovqatni o’zlashtiradi. Ammo ko’p kishilar ko’p ovqat yeyish bilan birga, ularda energiya ham ko’p sarflanadi, moddalar almashinu VI kuchli bo’ladi, ularni yog’ bosmaydi. Moddalar almashinuvi susayganda ham yog’bosishi mumkin. Ovqat ko’p yeyilganda Yog’ bosish ichki sekresiya bezlari bilan nerv sistemasining holatiga ancha bog’liq. Yog’ bosish moddalar almashinuvi buzilishidan kelib chiqadigan turli kasalliklar (podagra, diabet va hokazolar) bilan birga, jinsiy bezlar faoliyati susaygan davrda ko’proq kuzatiladi. Har qanday jismoniy ish energiya sarfini oshiradi va moddalar almashinuvini kuchaytiradi. Yog’ bosishning oldini olish uchun badan tarbiya bilan shug’ullanish, piyoda yurish, jismoniy ish qilish, ayni vaqtda ovqatni kamroq (to’ymasdan) eyish kerak. Oson hazm bo’ladigan uglevodlar (oq non, xamir ovqatlar, kartoshka, qandshakar, asal, murabbo va shu kabilar) ayniqsa kam iste’mol qilinishi lozim. Suvni ham kamroq ichish, spirtli ichimliklarni mutlaqo ichmaslik zarur. Haddan tashqari semirib ketgan kishilarga parhez ovqatlar buyuriladi. Asosan sabzavot, oshko’k, shirasi kam mevalar iste’mol qilinadi. Bemor vrach nazorati ostida davolanadi. 7-9 kunda bir kun nuqul olma (1500 gramm) yeyiladi yoki faqat sut (5 stakan) ichiladi, yoki bir kun 3 mahal shirguruch va 800-1000 gramm olma yeyiladi, yoki shirasi kam meva bilan sabzavot (1500 gramm) 4-5 mahal iste’mol qilinadi. Yog’ bosishga davo qilishda davolash badan tarbiyasi va fizioterapiya tadbirlari (suv, massaj) ning ahamiyati katta.