BAVARIYA

BAVARIYA — GFR yeri. Dunay havzasida. Maydoni 70,6 ming kilometr kvadrat. Aholisi 11,4 million kishi (1991). Ma’muriy markazi — Myunxen shahri. Bavariya mamlakatning eng baland tog’li qismida. Myunxenda iyulning o’rtacha temperaturasi 17 gradus, yiliga 935 millimetr yog’in yog’adi. Daryolari Dunay havzasiga mansub, ko’l ko’p. Hududining 1/3 qismi o’rmon bilan band; tog’ yaylovlari bor. Bavariya hududida germanlarning bavar qabilasi yashagan. 1070-1180 yillar Bavariyada velf qabilasi hukmronlik qilgan. 1180— 1918 yillar Vittelsbaxlar sulolasi idora qilgan. 1806 yildan Qirollik va Reyn Ittifoqi a’zosi. 1871 yildan Germaniya imperiyasi tarkibida. 1945 yildan Amerika okkupasiya zonasi, 1949 yildan esa GFR tarkibiy qismi. Bavariya — industrial-agrar rayon. Elektr energiyasining yarmini GESlar beradi. Urushdan keyingi yillarda neftni qayta ishlash (Ingolshtadt, Nyoyshtadt) va neft kimyosi sanoati bunyod etilgan (neft Marsel, Genuya, Triest portlaridan quvurlar orqali keltiriladi). Bavariya GFR alyuminiy mahsulotining 1/3 qismini beradi (Tyoging). Sanoatning etakchi tarmog’i mashinasozlik: elektrotexnika, (Myunxen, Nyurnberg, Erlangen), umumiy mashinasozlik (Augsburg, Ashaffenburg), transport mashinasozligi, jumladan avtomobilsozlik (Myunxen, Augsburg, Ingolshtadt) va samolyotsozlik (Augsburg), aniq mexanika (Nyurnberg). To’qimachilik (Xof, Augsburg) va tikuvchilik, oziq-ovqat sanoati ham muhim o’rin tutadi. Temir yo’l asosan elektrlashtirilgan. Avtomobil yo’li ko’p, Dunay, Mayn daryolarida kema qatnaydi. Bavariyada Bavariya Fanlar Akademiyasi (1759 yil tashkil etilgan) va 3 ta universitet bor.