BAYOZ

BAYOZ (Arabcha — oq, oqlik) — she’rlar to’plami. Bayozlar ikki va undan ortiq shoirlar she’rlaridan tuziladi. Ilk Bayozlar, asosan, mashhur shoirlarning g’azallaridan tuzilgan, keyinchalik bunga rioya qilinmagan. Bayozlar deyarli lirik janrdagi asarlardan tashkil topadi, unga nasriy parchalar ayrim hollardagina kiritiladi. Bayozlar biror g’oya yoki ma’lum davr dunyoqarashini targ’ib qilmaydi, umuman saylab olingan asarlarda davriylik ham bo’lmaydi, ular qat’iy bob va bo’limga ajratilmaydi, mualliflar ijodi sharhlanmaydi. Kimning she’ridan qancha kiritish tuzuvchi xohishiga bog’liq. Bayozlar sarbayoz (so’z boshi), lirik she’rlar (asosiy qism), xotima va ilovadan tashkil topadi. Ayrim Bayozlarda she’rlari keltirilgan shoirlar nomi mundarija sifatida beriladi. Ba’zan Bayozlarga xalq og’zaki ijodi namunalari: o’lan, latifa, mutoyiba, maqol, musiqiy asarlar (Buxoro Shashmaqomi, Xorazm maqomlari, Farg’ona — Toshkent maqom yo’llari, ashula va kattaa shulalar) ham kiritiladi. Ilk Bayozlar Arab she’riyati rivojlangan davr (750 — 1055) da yuzaga kelgan. Turkistonda bayozchilik 10 — 15-asrlar she’riyati ta’sirida vujudga keladi. 18 — 19-asr larga kelib ular mundarija va mazmun jihatdan ancha boyidi. Ayniqsa, Bedil ijodiyoti ta’sirida Bayoz tuzish an’anaviy tus oldi. Rasmiy va norasmiy Bayozlar bor. Rasmiy Bayoz maxsus kotib, naqqosh, sahhof tomonidan buyurtmaga yoki muayyan shaxs talabiga mos tarzda tuziladi. Norasmiy Bayozda bezak va matnlarning joylashishida muayyan tartib bo’lmaydi. Bundaylari o’z navbatida yana ikkiga bo’linadi: a) shoir yoki kotib o’ziga ma’qul shoirlarning asarlaridan tanlab tuzadi; b) tuzuvchining o’z she’riy to’plamiga boshqa shoirlar asarlaridan namunalar kiritiladi (masalan, “Bayozi Miriy”, “Bayozi Roziy”, “Bayozi Nodim”, “Bayozi Kamiy” va boshqalar). Adabiy taraqqiyot jarayonida Bayozlar adabiyot namunasigina bo’lib qolmay, haqiqiy san’at asariga ham aylandi, o’ziga xos maktablar paydo bo’ldi. Farg’ona, Buxoro, Xorazm, Toshkent maktablariga mansub Bayozlar asosan ikki tilda — o’zbek va fors tillarida tuzilgan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Muhammad Rahimxon Soniy (Feruz) tashabbusi bilan rasmiy Bayozlar tuzish rivoj topdi, yuzlab naqshdor Bayozlar tuzildi va noyoblaridan nusxalar ko’chirildi. 19 asr oxirlarida Turkistonda matbaa ishlarining rivojlanishi bilan qo’lyozma Bayozlar tuzish davom etgani holda, Toshkent va Xivada toshbosma Bayozlar chop etish yo’lga qo’yildi. Bayoz Turkiston xalqlari adabiyoti tarixini va devon tuzmagan shoirlar ijodini o’rganishda muhim manbadir. Ad.: Hamidova M., Qo’lyozma bayozlar — adabiy manba, T., 1981.