BAYOT
BAYOT — 1) o’n ikki maqom tizimidagi muayyan sho”balar nomi (masalan, Navro’zi Bayot, Bayoti Ajam); 2) Shashmaqomda Navo, Xorazm maqomlarida Navo va Dugoh maqomlari tarkibidagi sho’balar. Asosiy pardalar tovush qatori re ioniy – Fanlar Akademiyasi ioniyga to’g’ri keladi. Shashmaqomning Navo maqomi tarkibida talqini Bayot (taronasi bilan), Nasri Bayot (taronalari bilan) va Ufori Bayot sho’balaridan tashqari cholg’u qismlardan Muxammasi Bayot mavjud. Bayot kuyi asosida yaratilgan namud esa bir necha ko’rinishlarga ega bo’lib, Navo maqomi tarkibidagi sho’balarning avjlarida keng qo’llaniladi; 3) Toshkent-Farg’ona maqom yo’llarida besh qismli yirik ashula turkumi. Ularning parda tuzilishi Shashmaqomdagi Bayot sho’balarining aynan o’zidir. Bayot qismlari bir-biridan, asosan usul jihatdan farqlanadi va mustaqil nomlarga ega emas. Bayot I — Saraxbor, Bayot II — Tarona, Bayot III — Savt, Bayot IV — Talqincha, Bayot V— Soqiynoma (yoki Qashqarcha) usullarida ijro etiladi. Ular sho’ba shaklida tuzilgan bo’lib, avjlarida Navo va Bayot namudlaridan unumli foydalanilgan. Bayotning o’ziga xos yo’li hisoblangan Hofiz Sheroziy g’azali bilan aytiladigan Bayoti Sheroziy ham besh qismdan iborat turkumli asardir. Bastakorlar Bayot asosida ko’plab kuy, qo’shiq va ashulalar yaratgan (o’yin Bayoti, Dutor Bayoti, Chapandozi Bayot va hokazolar). Yu. Rajabiy (“Layli va Majnun”, “Muqanna” musiqali dramalari), V. Uspenskiy, G. Mushel (“Farhod va Shirin” musiqali dramasi), M. Ashrafiy (“Dilorom” operasi) va boshqalar ijodida Bayot yo’llaridan foydalangan.