“O’ZBEK XALQ IJODI”

“O’ZBEK XALQ IJODI” — o’zbek xalq badiiy ijodi namunalaridan tuzilgan ko’p jildli nashr turkumi (1964-90). Turkumning asoschisi T.Zarifov. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi til va adabiyot institutining folklor bo’limi tomonidan shu institut folklor arxivi materiallari asosida nashrga tayyorlangan. G’afur G’ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida 37 jildi chop etilgan. “Intizor. Nurali” (1964), “Murodxon”, “Gulixiromon”, “Dastagul” (1965), “Go’ro’g’lining tug’ilishi”, “Gulnor pari” (1967), “Gulshanbog'” (1969), “Ergash Jumanbulbul o’g’li” (1971-72), “Tohir va Zuhra” (1971), “Orzigul” (1975), “Hasanxon” (1976), “Alpomish” (1979), “Xoldorxon” (1981), “Oysuluv” (1984). “Balogardon”, “Bahrom va Gulandom” (1986), “Erali va Sherali”, “Yusuf va Ahmad” (1987), “Malika ayyor” (1988), “Nurali” (1989) kabi jildlarda 65 ta xalq dostoni nashr etilgan bo’lsa, “Suv qizi”, “Oltin olma” (1966), “Oyjamol” (1969), “Gulpari” (1967), “Kulsa — gul, yig’lasa — dur” (1983), “Oltin beshik” (1984), “Zumrad va qimmat” (1988), “Luqmoni Hakim” (1990) singari jildlar 400 ga yaqin xalq ertaklarini o’z ichiga olgan. “Latifalar” (1965, 1967, 1969), “Askiya” (1970), “Topishmoqlar” (1981), “O’zbek xalq maqollari” (1989) kabilar shu janrlar materiallaridan tuzilgan. “Gulyor” (1967), “Oq olma, qizil olma” (1972), “Sovet davri qo’shiqlari” (1983), “Boychechak” (1984) kabi jildlar xalq qo’shiqlaridan tashkil topgan. Ko’p jildlik qat’iy ilmiy tamoyillar asosida nashrga tayyorlangan bo’lib, unga kiritilgan folklor asarlari bevosita xalq ijodkorlari og’zidan yozib olingan. Nashr ilmiy-ommabop xarakterga ega. U keng kitobxonlar ommasiga mo’ljallangan. Har bir jildning adadi 60 ming. Rus tilida ushbu nashrdan saylab olingan namunalar asosida “Uzbekskoye Narodnoye tvorchestvo” turkumida 10 ga yaqin kitob chop etilgan. To’ra Mirzayev.