O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI ILMIY-OMMABOP VA HUJJATLI FILMLAR KINOSTUDIYASI
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI ILMIY-OMMABOP VA HUJJATLI FILMLAR KINOSTUDIYASI — qisqa va to’lametrajli, hujjatli, xronikal, ilmiy-ommabop filmlar ishlab chiqaruvchi kinostudiya. 1934 yil respublika kinoxronika studiyasi sifatida tashkil bo’lgan. 30-yillardan 1960 yilgacha turli kinogo’plam, kinojurnallar, jumladan, oylik kinojurnal va maxsus tematik filmlar ishlangan. Maxsus filmlar biror muhim voqea va sanalarga bag’ishlangan. D.Yashin, V. Usova, D. Demuskiy, Sh.Zohidov, M.Qayumov, O. Tursunov, A. Saidov, O.Rahimov, M. Krasnyanskiy, A. Ibrohim, A. Umarov va boshqalar eng faol ijodkorlar bo’lgan. “Kolxoz to’yi”, “Gulsara”, “O’zbek adabiyoti va san’atining Moskvada o’tgan dekadasi” kabi filmlar respublika hujjatli kinosining dastlabki filmkontsert janri namunalaridir. Urush yillari respublika kinoxronikasi va hujjatli kino namunalari g’oyaviy mavzu yo’nalishiga ko’ra harbiy vatanparvarlik, safarbarlik va frontga yordam masalalari bilan bog’liq bo’lib, davr hujjati sifatida qimmatlidir, ijtimoiy, siyosiy, madaniy hayotni, kino san’ati tarixini o’rganishda muhim manba hisoblanadi. 1949 yil Respublika kinoxronika studiyasi tugatildi. “O’zbekfilm” qoshida kinoxronika sektori tuzilib, u hujjatli va xronikal filmlar ishlab chiqarish bilan shug’ullandi. 1961 yil O’zbekiston ilmiy- ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasi nomi bilan mustaqil kinostudiya sifatida ajralib chiqdi. 1996 yildan hozirgi nomda. 1968 yil Qoraqalpog’istonda Nukus filiali tashkil topdi. Kinostudiya Butunittifoq Kinematografiya instituti (VGIK) ni tugatib kelgan kadrlar bilan mustahkamlandi. T.Nodirov, N. Otaullayeva, L. Fayziyev, D. Salimov, A.Bobojonov, B. Muzaffarov va boshqalar shular jumlasidan. “O’zbekistonimizga keling”, “Uzzu kun shamol” (Leypsig xalqaro kinofestivalining “Kumush kabutar” sovrinini olgan), “Paranji” (shu festivalning “Oltin kabutar” sovrini), “Bobo” (Krakov xalqaro kinofestivalining “Kumush ajdar” sovrini), “O’n uch qaddirg’och”, “Mirzacho’l”, “Askar frontdan qaytdi”, “Frontchi qiz”, “Bo’ri” (Portugaliyaning Santarema xalqaro kinofestivalining “Kumush barg” sovrini), “Inturist kecha, bugun, ertaga” kabi filmlari bilan jahonga yuz tutdi. 90-yillarning dastlabki yillarida film ishlab chiqarish birmuncha kamaydi. Ammo 1996 yil “O’zbekkino” davlat aktsionerlik kompaniyasi tashkil etilgach, kinostudiya shu tashkilot tizimida yana faol ishlay boshladi. Kinostudiyada bir yilda 40 dan ortiq turli janr va mavzuda filmlar yaratiladi. Bundan tashqari, xalq ta’limi vazirligi va turli tashkilotlarning buyurtmalariga binoan ham filmlar ishlab chiqariladi. Mustaqillik o’zbek hujjatli kinochilari uchun avvallari norasmiy tarzda taqiqlangan bir qancha mavzularni yoritish imkonini berdi. Ayni shu yillarda “Istiqlol fidoyilari” rukni tashkil qilindi va “Behbudiy”, “Fitrat”, “Munavvarqori Abdurashidxonov”, “Said Ahroriy”, “Istiqlolning buyuk yo’li”, “Abdulla Qodiriyning yurgan yo’llari” (hammasining rejissyori G’.Shodmonov), “Cho’lpon” (rejissyori Sh. Mahmudov) kabi hujjatli filmlar yaratildi. Ayniqsa, kinostudiya ijodkorlari tomonidan yaratilgan “Ruh” (rejissyor B. Muzaffarov), “Qorako’l”, “Qog’oz uycha”, “Ular Germaniyada o’qigan edilar” (Sh. Mahmudov), “Tashnalik” (T.Yunus) va boshqalar filmlar turli festivallar sovriniga sazovor bo’ldi. Milliy qadriyatlarimizni xalq ommasiga yanada keng tanishtirish maqsadida “Ahmad Yassaviy” (rejissyor J. Qosimov), Ahmad Farg’oniyga bag’ishlangan “Ikkinchi umr” (J.Ishoqov), “Al- Buxoriy” (F.Fayziyev), Marg’inoniyga bag’ishlangan “Fiqh olamining sultoni” (X.Valiyev) kabi filmlar ishlandi. Studiyada G’.Shodmonov, X.Valiyev, U Ortiqov, J.Ishoqov, A.To’laganov kabi tajribali kinohujjatchilar qatori A. Dadashev, M.Karimov, R. Husnutdinov, M.Abdullayev kabi yoshlar faoliyat ko’rsatmoqdalar. Shuningdek, Sh. Abbosov, R.Botirov, S. Nazarmuhamedov, A.Akbarxo’jaevlar har yili hujjatli kinovideofilmlar yaratmoqdalar. Toir Yunusov, Zuhra Po’latova.