BANK-MOLIYA AKADEMIYASI

BANK-MOLIYA AKADEMIYASI, BMA — O’zbekiston Respublikasida iqtisodiyot sohasida magistrlar tayyorlovchi oliy o’quv yurti, O’zbekiston banklar uyushmasiga qaraydi. 1996 yil 2 mayda Toshkent shahrida tashkil etilgan, BMA Respublika bank-moliya tizimi uchun jahon talablari darajasida mutaxassislar tayyorlaydi. Bmada bankishi; moliya; soliq va soliqqa tortish; bank-moliya xodimlarining malaka oshirish fakultettlari bor. Akademiyaga 2 yillik amaliy ish stajiga ega bo’lgan bakalavr mutaxassislar tanlov asosida qabul qilinadi. 1997 — 98 yillarda akademiyaga 153 kishi qabul qilingan. Akademiyada 11 kafedra bo’lib, 19 professor-o’qituvchilar, jumladan, 5 fan doktori, professor, 11 fan nomzodi, dotsent ishladi (2000). Akademiya “Bank ishi”, “Moliyani boshqarish”, “Soliq ishi” mutaxassisligi bo’yicha magistr unvoni beradi. 2000 yil akademiyani 92 kishi bitirib chiqdi, ulardan 91 kishi dissertasiya yoqlab magistr unvonini oldi. BMA tarkibidagi ilmiy markazda O’zbekiston Respublikasi bank ishi va pul tizimini rivojlantirish; respublika umumiy va mintaqaviy moliya bozorini kompleks va uyg’un rivojlantirish hamda uni xalqaro moliya bozori tizimiga bosqichma-bosqich kirib borishi; bank va moliya mexanizmining huquqiy va me’yoriy asoslarini takomillashtirish yunalishlarida nazariy va amaliy ahamiyatga molik ilmiy tadqiqot ishlari olib boradi. BMA xorijdagi yetakchi universitetlar, ilmiy markazlar, yirik banklar, moliya kompaniyalari, xalqaro moliya institutlari bilan aloqa o’rnatgan, ularning mutaxassislari bu yerda dars beradi. BMA kutubxonasida 20 ming jilddan iborat nodir asarlar bor (1998). BMA xalqaro “Reyter” axborot tizimiga qo’shilgan. Mirsobit Ochilov.