BARBADOS

BARBADOS (Barbados) — Markaziy Amerikada, kichik Antil orollarining Barbados orolida joylashgan davlat. Maydoni 430 kilometr kvadrat. Aholisi 300 ming kishi (1995). Poytaxti — Brijtaun shahri. Davlat tuzumi. Barbados — Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo’stlik tarkibida mustaqil davlat. Davlat boshlig’i — Buyuk Britaniya qirolichasi (qiroli), hokimiyatni general-gubernator amalga oshiradi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat ikki palatali parlament; u Senat va Majlis palatasidan iborat. Ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Bosh vazirni general-gubernator tayinlaydi va Vazirlar bosh vazirning tavsiyasiga binoan tasdiqlanadi. Tabiati. Barbados — marjonsimon ohaktoshlardan tarkib topgan tropik Orol. Yer yuzasi Orol markazi tomon zina shaklida (balandligi 340 metrgacha) ko’tarilib boradi. Shimoli-Sharqda Orol dengiz tomon tik kesilib tushadi. Orol bo’yining qolgan qismidagi mayin oq-pushti yaltiroq qumsog’illar atrofi baland palmalar bilan o’ralgan. Ular orqasidan shakarqamishzorlar boshlanadi. Ko’plab yog’adigan yomg’ir yer g’ovaklariga singib, yer osti daryolari va ko’llarini hosil qiladi; marjon ohaktoshlar esa tabiiy filtr vazifasini o’taydi. Barbados iqlimi tropik, passat. Eng iliq oy (sentabr) ning o’rtacha harorati 27°, eng salqin oy (Fevral) ning o’rtacha harorati 25°. Yillik yog’in miqdori 1400 millimetrgacha. Quruq mavsum (dekabr— iyun) dagi tropik jaziramada Atlantika okeanidan esadigan shimoli- sharqiy passat haroratni pasaytiradi, doimo yoqimli shabada esib turadi. v sohili anvoyi tur va rangdagi o’simliklar va bahaybat daraxtlar bilan qoplangan. Aholisi. Asosiy aholisi barbadosliklar. Hozirgi etnik tarkibi: afrikaliklar (negrlar) 80%, duragaylar 16%, yevropaliklar 4%. Yevropaliklar orasida ingliz mustamlakachilarining avlodlari ajralib turadi. Ular siyosiy hokimiyatni negrlardan iborat ko’pchilik qo’liga topshirgan bo’lsalar ham, mamlakat iqtisodiy hayotida hamon yetakchi mavqega ega. Yevropaliklar orasida “Kambag’al oqtanlilar” deb atalgan o’ziga xos guruh bor. Ular shartnoma asosida yollangan yo’qsul xizmatkorlar va Irlandiyadagi 17- asr qo’zg’olonlarining badarg’a qilingan qatnashchilari avlodlari bo’lmish redlegxlardir. Davlat tili — ingliz tili. Dindorlar, asosan protestantlar. Barbados aholisining zichligi jihatidan Amerikada eng yuqori o’rinda turadi (1 kilometr kvadratga salkam 600 kishi). Yaqin vaqtgacha aholining tabiiy ko’payishi 3% edi, hukumatning tug’ilishni cheklash siyosati natijasida bu ko’rsatkich 1% ga tushdi. Aholining yarmisi — 20 yoshga yetmagan yigit qizlar. Katta yoshdagi aholining savodxonligi — 99% ni tashkil etadi. Aholining 38% shaharlarda yashaydi. Tarixi. Yevropaliklar kelgunga qadar orolda indeyslarning arvak va Karib qabilalari yashagan. 1518 yil Barbadosni ispanlar kashf etishgan, 1625 yilgacha Ispaniyaning mustamlakasi bo’lgan, o’sha yili uni Angliya bosib olgan. Mustamlakachilar bu yerda tamaki va shakarqamish plantasiyalarini barpo qilib, Afrikadan ko’plab negrlarni keltirib ishlata boshladilar. Asta-sekin yevropaliklar kamayib, negrlar ko’payib bordi. 1834 yilda qullik bekor qilindi. 1961 yilda Barbados ichki o’z-o’zini boshqarish huquqini oldi, 1966 yilda mustaqillikka erishdi. Milliy bayrami — 30 noyabr— Mustaqillik kuni. 1966 yildan Barbados —BMT a’zosi. Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Barbados leyboristlar partiyasi, 1938 yilda tuzilgan; demokratik leyboristlar partiyasi, 1955 yilda asos solingan; Milliy-demokratik partiya. Barbados ishchilar Ittifoqi, 1941 yilda asos solingan, xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga kiradi. Xo’jaligi. Barbados — agrar mamlakat. Qand-shakar ishlab chiqarish xo’jalikning asosini tashkil etadi, keyingi paytda sayyohlik va yengil sanoat rivoj topdi. Orol kichik bo’lganligi uchun qishloq xo’jaligiga yaroqli yerlardan unumli foydalaniladi. Mamlakat butun maydonining 60% haydab, ekin ekiladi, 12% — yaylov. Yerlarning asosiy qismi (80%) yirik yer egalariga qaraydi. Qishloq xo’jaligida shakarqamishdan tashqari batat, yams, maniok xam yetishtiriladi. Bog’dorchilik rivojlangan (Mango, avokado, tsitrus mevalar va boshqalar). Chorvachilikda qo’y, echki, cho’chqa va qoramol boqiladi. Baliq ovlanadi. 527 million kVt-s elektr energiya hosil qilinadi. Tabiiy boyliklari: neft, tabiiy gaz, ohaktosh. Oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, to’qimachilik, kimyo sanoati mahsulotlari, kundalik zarur tovarlar ishlab chiqariladi. Avtomobil yo’llari uzunligi — 1,6 ming kilometr. Asosiy dengiz porti va xalqaro aeroporti — Brijtaun. Chetga qandshakar, qiyom, rom chiqariladi. Chetdan asbob-uskuna va transport vositalari, oziq-ovqat, yoqilg’i keltiriladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari AQSh, Buyuk Britaniya. Pul birligi — Barbados dollari. Madaniyati. Barbados xalq ta’limi Angliyadagiga o’xshash. Davlatning boshlang’ich va o’rta maktablarida o’qish — bepul. 1963 yil. Brijtaunda Vest-Indiya universitetining filiali ochilgan. Xalq kutubxonasi va universitet kutubxonasi mavjud. Barbadosda indeyslar qadimgi madaniyatidan namunalar — keramika va tosh buyumlar, 18-asrga oid ba’zi inshootlar saqlangan. Adabiyot va san’atda G’arbiy Afrika xalqlarining ijodidan namunalar bor. Yozma adabiyot (ingliz tilida) 1940 – yillardan rivojlana boshladi. Barbadosda “Barbados advokeyt” (“Barbados himoyachisi”, 1895 yildan), “Bikon” (“Mash’al”, 1946 yildan), “Neyshn” (“Millat”, 1973 yildan), “Sandi san” (“Yakshanba quyoshi”, 1979 yildan) gazetalari nashr etiladi. 1935 yilda radioeshittirish tijorat xizmati, 1963 yil radio va teleko’rsatuv kompaniyasi tashkil etilgan.