BAROQXON

BAROQXON (to’liq ismi — Baroqxon ibn eson Tuva ibn Mutugen ibn Chig’atoy) (? — 1271) — Chig’atoy ulusi xoni (1266— 71). Jamol Qarshiyning yozishicha, 1266 yil Ohangaron vodiysida Chig’atoy avlodlaridan birinchi bo’lib Islomga kirgan Muborakshoh o’zini Chig’atoy ulusi xoni deb e’lon qiladi. Shu tariqa birinchi marta Chig’atoy ulusiga mo’g’ullar davlati oliy hukmdori tayinlamagan kishi xon bo’ladi. Bundan g’azablangan oliy hukmdor Xubilay Baroqxonni Turkistonga jo’natadi. U dastlabki vaqtlarda o’zining xon qilib yuborilgani xususidagi yorliqni yashirib, go’yo boshpana izlab kelgandek Surxondaryoga — qarindoshlari huzuriga boradi va asta-sekin mo’g’ullardan qo’shin to’play boshlaydi. 1266 yil sentabrda Baroqxon Muborakshoh qo’shini bilan jang qilib, uni asir oladi va O’zganda o’zini Chig’atoy ulusi xoni deb e’lon qiladi. Ammo, Baroqxon tez orada Xubilay qoonga itoat qilmay qo’yadi. Shu bois Xubilay unga qarshi qo’shin yuboradi, Baroqxon Sharqiy Turkistonda Xubilay qo’shinini tor-mor keltiradi. Shu vaqt chingiziylardan Xaydu Markaziy hokimiyat bilan Baroqxon o’rtasidagi qarama-qarshiliklardan foydalanib Yettisuv va Sirdaryoning sharqidagi yerlarni bosib olish taraddudiga tushadi. Natijada 1268 yil har ikki tomon qo’shinlari to’qnashib, Baroqxon yengiladi. Ammo, Xaydu uni ta’qib etmay, kelasi yili bahorda qurultoyga kelishni va o’rtadagi raqobatga chek qo’yib, sulh tuzishni taklif qiladi. 1269 yil bahorida qurultoy chaqirilib, unda sulh tuziladi va Xaydu bilan Baroqxon tasarrufidagi yerlar chegarasi aniq belgilab olinadi. Baroqxon vafot etgach, o’rniga o’g’li Tuva (Duva) taxtga o’tiradi.

BAROQXON (haqiqiy ismi Navro’z Ahmadxon) (? — 1556, Samarqand) — Shayboniylar sulolasidan bo’lgan xon. Abulxayrxonnmng nevarasi, Toshkent hokimi Suyunchxo’jaxonning kichik o’g’li. Otasining vafotidan keyin Toshkent hokimi (1525 — 51), so’ngra Movarounnahr (1551 — 56) xoni. Baroqxon yoshligida Vosifiydan she’riyat, musiqa, ashula, vazn va nazmdan ta’lim olgan. Ayni vaqtda chavandozlik va harbiy mashqlar bilan ko’proq mashg’ul bo’lgan. Baroqxon o’z saltanatini kengaytirish uchun ko’p harbiy yurishlar uyushtirgan. Abdullatifxon vafotidan keyin 1551 yil Samarqand taxtiga o’tirgan va Navro’z Ahmadxon nomi bilan Movarounnahrni boshqargan. Uning nomi bilan tanga pullar zarb etilgan. Baroqxon obodonchilik ishlariga e’tibor bergan, madrasalar qurdirgan. Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma” asarida qayd etilishicha, Baroqxon 1556 yil Zarafshon daryosidan boshlangan Darg’om kanalining bosh inshooti — Ravotxo’ja to’g’onini tuzattirish uchun kelgan va shu yerda to’satdan vafot etgan. Baroqxon davrida Movarounnahr bilan yaqin va O’rta Sharq mamlakatlari, Hindiston, Xitoy, Sibir o’rtasida savdo-sotiq, elchilik munosabatlari rivojlangan.