BARXAN
BARXAN (turkiycha) — qumli cho’l va chala cho’llardagi relefning ko’chma qum shakllari. Shamol yo’nalishiga ko’ndalang bo’ladi. Barxan yiliga o’rta hisobda bir necha sm dan yuzlab metrgacha ko’chadi. Qizilqum va Qoraqum cho’llarining ba’zi joylarida qattiq shamol vaqtida yangi Barxanlar paydo bo’ladi yoki eskilari joyini o’zgartiradi. Barxanlar tepadan qaraganda ko’pincha yoy, yarim oy shaklida bo’ladi. Shamolga ro’para yon bag’irlari qiya (5° — 14°), shamolga teskari yon bag’irlari tik (30° gacha) bo’lishi mumkin. Barxan uchlari shamol kuchiga, qumning namligi, tarkibiga qarab uzun yoki qisqa bo’ladi. Barxan balandligi 0,7 metrdan 20 metrgacha, hatto murakkab shakllari 200-300 metr va undan ham baland bo’ladi. Shamol harakatiga qarab Barxanning to’planishi turli shakllar oladi: barxan tepalari, barxan zanjirlari, barxan piramidalari va hokazolar. Qum kam bo’lgan qattiq yerlarda, ko’pincha taqirlarda yakka-yakka Barxanlar uchraydi. Tutash qumlarda murakkab Barxan tizmalari vujudga keladi. Barxan tizmalari Amudaryo sohillarida, Sandiqli, Kanpirak, Qoraqum cho’llarida, shuningdek markaziy Farg’onadagi Yozyovon cho’lida uchraydi. Barxanlar nisbatan yaxshi nam to’playdi va ihota qilinadigan bo’lsa, daraxtzor bo’lib qolishi mumkin. Avvallari Buxoro, Qorako’l vohalarining shim. qismidagi bir qancha unumdor yerlar, qishloqlar ko’chma qum ostida qolib ketar edi, endilikda saksovul va boshqa o’simliklar ekilib, uzunligi 125 kilometr, eni 3 — 4 kilometr daraxtzorlar barpo qilindi va qum ko’chishi to’xtatildi.