BAXTSIZ HODISA
BAXTSIZ HODISA – turli tabiiy ofat, avariya va boshqa ko’ngilsiz hodisalar oqibatida badanga shikast yetish, mayib bo’lish yoki o’lish hollari. O’zbekiston Respublikasi qonunlarida korxonalar, qurilish, transport, konlar va boshqa joylarda xavfsizlik qoidalari buzilishiga yo’l qo’yib, Baxtsiz hodisalarga sababchi bo’lgan shaxslarga nisbatan tegishli jazo choralari belgilangan. Jumladan, radioaktiv materiallar va yadro qurilmalaridan foydapanish qoidalarini buzish, shu materiallarni konunga xilof tarzda ishlatish, tadqiqot ishlarini bajarishda, tog’-kon, qurilish yoki portlatish ishlarida xavfsizlik, mehnatni muhofaza etish, yong’in xavfsizligi qoidalarini buzish hollari, transport qarakati va vositalaridan foydalanish xavfsizligiga zid ravishda jinoyatlar sodir etilgani uchun O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksida tegishli jazo choralari ko’zda tutilgan. Jumladan, xavfsizlik texnikasi, sanoat sanitariyasi yoki mehnatni muhofaza qilishga oid boshqa qoidalarning ular ijrosi uchun mas’ul shaxslar tomonidan buzilishi o’rtacha og’ir yoki tan jarohati yetkazilishiga sabab bo’lsa, eng kam ish haqining 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan, o’sha qilmish odam o’lishiga va boshqa og’ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo’lsa, muayyan huquqdan va 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (257-modda). Transport vositasidan foydalanish uchun mas’ul shaxsning mast holatda yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki aql-idrokka ta’sir ko’rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida bo’lgan shaxsning transport vositasini boshqarishiga yo’l qo’yishi badanga og’ir shikast yetkazilishiga yoxud odam o’lishiga sabab bo’lsa, o’sha mas’ul shaxs eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha miqdorda jarima to’laydi yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan va 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi (261-modda). Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarining transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan buzilishi badanga o’rtacha yoki og’ir shikast yetkazilishiga sabab bo’lsa, eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan, o’sha qilmish odam o’lishiga sabab bo’lsa, muayyan huquqdan va 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan, o’sha qilmish odamlar o’limiga, halokatga va boshqa og’ir oqibatlarga sabab bo’lsa, muayyan huquqdan va 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi (266-modda).