BAQIROQ MAYMUNLAR
BAQIROQ MAYMUNLAR (Alouatta) gajak dumli maymunlar oilasining urug’i. Tanasining uzunligi 37 — 72 santimgacha. Dumi tanasidan uzun (49 — 75 santimetr) va baquvvat, uchi gajak. Dumining ostki tomoni junsiz yalang’och, juda sezgir. Baqiroq maymunlar dumi yordamida shoxlarga ilashib, daraxtda o’rmalab yuradi. Yuzida jun bo’lmaydi. Boshidagi uzun junlari iyagining ostiga osilib tushib soqol hosil qiladi. Erkaklari urg’ochilariga nisbatan yirik. Baqiroq maymunlarning hiqildoq xaltalari yaxshi rivojlangan bo’lib, tovushni kuchaytiruvchi rezonator vazifasini bajaradi, ovozi bir necha kilometr masofadan eshitilib turadi. Shuning uchun Baqiroq maymunlar degan nom berilgan. 5 turi ma’lum. Janubiy va Markaziy Amerikaning nam va tog’li (2000 metrgacha balandlikda) o’rmonlarida, asosan daryolar yaqinida tarqalgan. Hayotining ko’p qismini baland daraxtlarning shoxlarida o’tkazadi. Kunduzlari faol hayot kechiradi. Ochiq, tekis joylarda kam uchraydi. Daraxtlarning bargi, kurtaklari va mevasi bilan oziqlanadi. 3 — 4 yilda voyaga yetadi, bitta (ba’zan ikkita) bola tug’adi. Bolasiga onasi bilan birga bolasiz urg’ochilari va yosh hayvonlar ham g’amxo’rlik qiladi. 2 turi tabiatni muhofaza qilish xalqaro tashkiloti qizil kitobiga kiritilgan.