BAG’AL

BAG’AL — me’moriy bezak. Gumbaz ostidagi shakl. To’g’ri to’rtburchak, murabba targ’li xonalar Bag’al yordamida doira shakliga keltiriladi. Binoning ichki qismidagi gumbaz ostiga yoki poygumbazga ishlanadi. Gumbaz og’irligi asosan Bag’alga tushadi. Ko’pincha ravoqchalar ko’rinishida bo’ladi. Vizantiya me’morligining asosiy konstruktiv elementlaridan biri hisoblangan (asosan xochsimon tarhli binoning gumbazlari qurilishida), keyinchalik rus me’morligida ham qo’llanilgan. Shuningdek Uyg’onish davri me’morligida gumbazli binolar qurishda Bag’alning murakkab namunalari yaratilgan. Turkistonda 9 — 11 asrlar me’morligida qo’llanila boshlagan. 14 — 15-asrlarda Bag’al yuksak darajada rivojlanib, uning o’ziga xos milliy me’morlik an’analari asosida badiiy namunalari yaratilgan. Saroy, madrasa, masjid, maqbaralar qurilishida serg’ovak, charhi, ravoqli, qalqonsimon ravoqli, muqarnas ravoqli, qalqonsimon mumtoz, to’liq bo’lmagan qalqonsimon, ravoqlarda kesishgan ko’p qatlamli qalqonsimon kabi Bag’allardan foydalanilgan. Bag’allar to’rt, sakkiz, katta binolarda o’n olti ravoqchali qilib ishlangan, oralig’i gajaklar yordamida to’ldirilgan, uchburchak shaklida yupqa devor hoshiyalar terilgan. Muqarnas, iroqi, iroqi-muqarnas, pog’onali, qolipkori uslubida bezatilgan. Keyingi yillar me’morligida ham uchraydi.